Istanbul
Istanbul juda qadimiy bo‘lib, ming yillar davomida Rim va Vizantiya imperiyasining poytaxti hisoblangan. Hukmdor Konstantin sharafiga asrlar davomida Konstantinopol’ nomi bilan yuritilgan shahar nasroniylik dinining ham markazi hisoblangan. Bu shaharda eng yirik Avliyo Sofiya (Ayo Sofiya) sobori faoliyat yuritgan. Fotih Muhammad 1453 yilda shaharni zabt etgach, nasorolar markazi islom markazi bo‘lishini niyat qilib, unga Islombo‘l degan nom bergan va bu nom asrlar osha Istanbulga aylanib ketgan.
Istanbulni Qora dengiz va Marmar dengizlari o‘rab turadi. Ulkan shahar o‘rtasida Bosfor bo‘g‘ozi o‘zgacha manzara kasb etadi. Tevarak-atrofi suv bilan qoplangan shahar dunyoning hech bir hududida uchramaydigan betakror iqlimga ega. Ba’zan bir kunda to‘rt faslni ko‘rish mumkin bu ajib maskanda.
Bo‘g‘ozning ikki sohili uzra bunyod etilgan binolar tepaga zinama-zina shaklida bo‘lib ketgan. Istanbul dunyoda imoratlari eng zich joylashgan shaharlardan biri.
Me’moriy obidalar va zamonaviy inshootlar, ko‘rkam binolar bilan uyg‘unlashib ketgan. Bosfor bo‘g‘ozi shaharni ikkiga – Osiyo va Yevropa qismiga ajratgan. Yevropa qismi Oltin Shox qo‘ltig‘i sohillarida joylashgan.
1970-72 yillarda Bosfor bo‘g‘ozi ustida qurilgan ko‘prik ikkiga bo‘linib qolgan shaharni bog‘lasa, Istanbulning o‘zi Osiyo va Yevropani bog‘lovchi oltin ko‘prik hisoblanadi. Unda 15 milliondan ziyod aholi yashaydi. Bunga qo‘shimcha ravishda har yili ikki million atrofida sayyohlar tashrif buyurishadi. Istanbulning Taqsim mavzesi “Sayyohlar shaharchasi” hisoblanadi.
Turkiyada turizm juda rivojlangan. Ushbu sohadan olingan daromad 32,4 milliard dollardan ortiq. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilga borib bu mamlakatga keladigan xorijlik sayyohlar soni 50 million kishiga yetkazilar ekan.
Fusunkor shahar Istanbulga ikki qit’a jo bo‘lganiga yarasha unda Osiyo jilolarini ham, Yevropa jozibasini ham yaqqol his etasiz. Masjidlardan yangragan azondan qalbingizga nur yopirilib kirsa, uning ortidan zamonaviy ohanglar quloqlarni qomatga keltiradi…
Farishta va shayton go‘yo qo‘lni qo‘lga bergandek tor ko‘chalarda chimmatga o‘ralgan ayollar bilan yonma-yon yarim yalang‘och ojizalar sigaret tutatgancha beparvo ketaverishidan yoqa ushlaysiz…