Xiva - To‘g‘on Turk ota maqbarasi
Dunyoning qadimiy shaharlaridan biri, xalqaro sayyohlik markazlardan biri sanalgan Xiva bejiz ochiq osmon ostidagi muzey sifatida e’tirof etilmagan. Shahar hududida miloddan avvalgi VI – V asrlardan XX asr boshlarigacha bo‘lgan davrlarga taalluqli 122 dan ortiq arxeologik yodgorliklar va me’moriy obidalar saqlanib qolgan va ular Davlat muhofazasiga olingan. Ayniqsa Xiva shahrining Ichan-Qal’a qismi Markaziy Osiyoda saqlanib qolgan birdan bir butun boshli shahar-yodgorlik bo‘lib, uning o‘tmishidagi taqdiri, me’moriy obidalari dunyoning eng qadimgi madaniy voha – Xorazmning tarixiy, madaniy taraqqiyoti bilan chambarchas bog‘likdir. To‘g‘on Turk ota maqbarasi Xiva shahrining mashhur Toshhovli saroyining shimolida aholi yashab turgan mahalla ichida joylashgan bir gumbazli imoratdir. Bino qadimgi bo‘lgani sababli er sathidan bir metrcha pastda joylashgan. Ushbu shaxs to‘g‘risida tarixiy ma’lumotlar juda kam saqlangan. Xonlik davrining tarixchisi Muhammad Yusuf Bayoniyning bergan ma’lumotlariga ko‘ra uning qabri Ark saroyining ichida. Yana bir o‘lkashunos tarixchining ma’lumotiga ko‘ra bu kishi aslida Turkiston turklaridan bo‘lib, Abu Muslim Xurosoniyning askarlari sardorlaridan bo‘lgan. Jangda Abu Muslim o‘ldirilgandan keyin u Xorazmga qochib kelib, bu erda o‘lgan. Xorazmliklar uning qabrini muqaddaslashtirib, maqbara qurganlar.