Xiva - Qozixona
Dunyoning qadimiy shaharlaridan biri, xalqaro sayyohlik markazlardan biri sanalgan Xiva bejiz ochiq osmon ostidagi muzey sifatida e’tirof etilmagan. Shahar hududida miloddan avvalgi VI – V asrlardan XX asr boshlarigacha bo‘lgan davrlarga taalluqli 122 dan ortiq arxeologik yodgorliklar va me’moriy obidalar saqlanib qolgan va ular Davlat muhofazasiga olingan. Ayniqsa Xiva shahrining Ichan-Qal’a qismi Markaziy Osiyoda saqlanib qolgan birdan bir butun boshli shahar-yodgorlik bo‘lib, uning o‘tmishidagi taqdiri, me’moriy obidalari dunyoning eng qadimgi madaniy voha – Xorazmning tarixiy, madaniy taraqqiyoti bilan chambarchas bog‘likdir. Xiva shahridagi Ichan Qal’a hududida joylashgan Ko‘hna Ark oldida qurilgan ushbu Qozixona xonlik davrida qorovullar boshlig‘ining xonasi vazifasini bajargan. Bu bosh qorovulxonaga kechalari darvozalar berkitilgach, ushlangan notanish shaxslar keltirilib, ertalab shaxsi aniqlanguncha ushlab turilgan. Bugungi kunda bu joyda Xiva xonligida Qozixona va qozichilik tarixi, jazo turlari haqida ma’lumot beruvchi eskpozitsiya ochilgan.