Xiva - Polvon qori savdo uyi
Dunyoning qadimiy shaharlaridan biri, xalqaro sayyohlik markazlardan biri sanalgan Xiva bejiz ochiq osmon ostidagi muzey sifatida e’tirof etilmagan. Shahar hududida miloddan avvalgi VI – V asrlardan XX asr boshlarigacha bo‘lgan davrlarga taalluqli 122 dan ortiq arxeologik yodgorliklar va me’moriy obidalar saqlanib qolgan va ular Davlat muhofazasiga olingan. Ayniqsa Xiva shahrining Ichan-Qal’a qismi Markaziy Osiyoda saqlanib qolgan birdan bir butun boshli shahar-yodgorlik bo‘lib, uning o‘tmishidagi taqdiri, me’moriy obidalari dunyoning eng qadimgi madaniy voha – Xorazmning tarixiy, madaniy taraqqiyoti bilan chambarchas bog‘likdir. Polvon qori savdo uyi XX asr boshida Muhammad Ya’qub bazzoz (gazlama sotuvchisi) tomonidan Xiva shahrida aholi yashash uyi shaklida cho‘bkori (nigirik) uslubida qurdirgan. Bino katta do‘kon bo‘lib, asosan gazlama matohlar sotilgan bo‘lsada, tarixiy manbalarning ma’lumot berishicha, bu erda Evropadan keltirilgan buyumlar ham sotilgan. Jumladan, Germaniyada chiqarilgan “Zinger” tikuv mashinalari, Xitoy va Rossiya chinni buyumlari ham ko‘p miqdorda shu do‘konda sotilgan. Bugungi kunda imorat ta’mirdan chiqqan. Unda “Ichan-Qal’a” Davlat muzey-qo‘riqxonasining Axborot markazi va kitob do‘koni joylashgan.