Xiva - Polvon qori minorasi
Dunyoning qadimiy shaharlaridan biri, xalqaro sayyohlik markazlardan biri sanalgan Xiva bejiz ochiq osmon ostidagi muzey sifatida e’tirof etilmagan. Shahar hududida miloddan avvalgi VI – V asrlardan XX asr boshlarigacha bo‘lgan davrlarga taalluqli 122 dan ortiq arxeologik yodgorliklar va me’moriy obidalar saqlanib qolgan va ular Davlat muhofazasiga olingan. Ayniqsa Xiva shahrining Ichan-Qal’a qismi Markaziy Osiyoda saqlanib qolgan birdan bir butun boshli shahar-yodgorlik bo‘lib, uning o‘tmishidagi taqdiri, me’moriy obidalari dunyoning eng qadimgi madaniy voha – Xorazmning tarixiy, madaniy taraqqiyoti bilan chambarchas bog‘likdir. Polvon qori minorasi 1905 yilda Xiva shahrining yirik savdogari Polvon qori tomonidan qurilgan bo‘lib, XX asr boshlaridagi uslub bo‘yicha, ya’ni kesik konus shaklida Evropa uslubida madrasasi bilan birgalikda kurilgan. Bu Dishan Qal’adagi eng monumental minoradir. U sharqdan g‘arbga cho‘zilib kelgan Ichon Qal’a minoralari silsilasi bilan uzviy bog‘liq. Balandligi – 21 metr.