Toshkent - O’zbekiston tarixi davlat muzeyi
1991 yil 31 avgustda o’zbek xalqi uzoq vaqtlardan beri orziqib kutgan Mustaqillikka erishdi. Hayotimizning barcha sohalari kabi muzeylar faoliyatida ham katta tarixiy o’zgarishlar sodir bo’ldi. Vazirlar Maxkamasining 1992 yil 21 aprel qaroriga muvofiq Toshkent shahrida O’zbekiston tarixi Davlat muzeyi qayta tashkil etildi. Mohiyat – e’tibori bilan qaralganda, tom ma’nodagi zamonaviy va milliy muzeyga aynan shu sanada asos solingan edi. Prezident Islom Karimovning «Muzeylar faoliyatini tubdan yaxshilash va takomillashtirish to’g’risida» gi Farmoni (1998 yil 12 yanvarь) esa muzeylarimiz rivojidan katta burilish yasadi.
Hozirgi kunda Toshkent sharidagi O’zbekiston tarixi Davlat muzeyi eng yirik ilmiy – ma’rifiy markazlardan hisoblanib, uning jamg’armasida 250 minga yaqin eksponat mavjud. Ular orasida numizmatika, arxeologiya, tangashunoslik va etnografiyaga oid ko’plab qimmatli jamlamalar bor.
O’zbekiston tarixi Davlat muzeyining yangi ekspozitsiyasi O’zbekiston hududida tarixiy-madaniy jarayonlarning eng qadimgi davrlardan boshlab hozirga qadar bo’lgan taraqqiyotini ashyoviy dalillar va tasviriy vositalar orqali namoyish etishga qaratilgandir. Umumiy sathi qariyb ikki ming kvadrat metr bo’lgan binoning uchinchi va to’rtinchi qavatini egallagan mazkur ekspozitsiyada o’n mingga yaqin eksponat joylashgan. Ularda o’zbek davlatchiligining shakllanishi tarixi, o’zbek xalqining boy an’analari va madaniyati ifoda etilgan.
Dastlabki ekspozitsiyadagi ibtidoiy tuzim davrini ifodalovchi eksponatlar O’zbekiston hududi Sharq tsivilizatsiyasining eng qadimgi o’choqlaridan biri bo’lganligidan guvohlik beradi. Dehqonchilik va chorvachilik asosida ishlab chiqarishning yo’lga qo’yilishi, ijtimoiy-iqtisodiy o’zgarishlar, dastlabki kimyoviy-texnologik bilimlar asosida hunarmandchilikni rivojlanishi, diniy tafakkur rivojida zardo’shtiylikka asos solinishi, qadimiy Sharqning yuqori darajada rivojlangan markazlari bilan o’zaro madaniy aloqalar, murakkab ichki tuzilmalarga ega bo’lgan qal’a va ilk shaharlarning paydo bo’lishi yirik davlatlarning tashkil topishida katta rolь o’ynadi. Dehqonchilik va chorvachilikning o’ziga xos rivoji va o’zaro bog’liqligi, O’zbekiston xalqlarining ahmoniylar, grek – makedoniyaliklar va sosoniylarga qarshi kurashi, xorozmiylar, baqtriyaliklar, Farg’ona davlati hamda Kushon saltanati haqidagi ma’lumotlar ham juda yaxshi yoritilgan. Zallarda namoyish etilayotgan ajdodlarimizning eramizdan avvalgi va eramizning ming yilliklarida madaniyati yuqori bo’lganligini o’zida mujassam etgan ashyolar mazmun-mohiyatining rang-barangligi bilan ajralib turadi. Bularning ko’pchiligi dunyo madaniyati va san’atining bebaho namunalari hisoblanadi.
Devor yozuvlari, haykaltaroshlik tasvirlari, buddaviylik mavzui bilan bog’langan me’morchilik ishlari ekspozitsiyadan alohida o’rin olgan.
O’zbek xalqining o’rta asrlardagi buyuk madaniy merosi ham ekspozitsiyada o’z ifodasini topgan. Ayniqsa, Temur va temuriylar davriga bag’ishlangan ekspozitsiyada Amir Temur sa’y- harakatlari natijasi o’laroq, fan va madaniyatning yuqori darajada rivojlanganligi haqida hikoya qiluvchi ko’plab eksponatlarni ko’rish mumkin.
XVIII-XIX asrlarda hunarmandchilikning yuksak darajada rivojlanganligi ekspozitsiyadagi sopol, kandakorlik mahsulotlari, Buxoro baxmallari va adraslari hamda zarduzlik san’ati namunalarida o’z aksini topgan. Shuningdek, mamlakatimizning keyingi taraqqiyoti, xususan, mustamlakachilik davridagi ozodlik uchun olib borilgan kurashlar, ma’rifatparvarlarimizning o’z vatanini ma’rifatli, farovan va ozod qilish uchun olib borgan kurashlari xaritalar, suratlar, rangtasvir vositalari orqali yorqin namoyon etilgan.