Toshkent metrosi
Toshkent metrosi 1977 yilda Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib ishga tushirilgan. Ayni paytda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Chilonzor, O‘zbekiston va Yunusobod tarmoqlarining umumiy uzunligi 38,25 km.ni tashkil etadi. Jami 29 bekatdan iborat yer osti tizimi go‘zalligi noyob va o‘ziga xosdir.
Toshkent metrosi qurilishi 1972 yilda boshlangan bo’lib, birinchi liniyasi 9 bekatdan iborat, uzunligi esa 11,4 km (“Sobir Rahimov”, “Chilonzor”, “Mirzo Ulugʻbek”, “Hamza”, “Yoshlik”, “Xalklar doʻstligi”, “Paxtakor”, “Mustakillik maydoni”, “Markaziy xiyobon” bekatlari). 1977 yil 6 noyabrda ikkinchi bosqich qurilishi boshlangan va 1980 yil 18 avgustda foydalanishga topshirildi, bekatlar soni 12 taga yetdi (“Hamid Olimjon”, “Pushkin”, “Buyuk ipak yoʻli” bekatlari) uzunligi 4,1 km.
Toshkent metropolitenining umumiy uzunligi 4,8 km boʻlgan ikkinchi liniyasining birinchi bosqichi (“Alisher Navoiy”, “Uzbekistan”, “Kosmonavtlar”, “Oybek”, “Toshkent” bekatlari) 1984 yil noyabrda, ikkinchi bosqichi (“Mashinasozlar”, “Chkalov” bekatlari, uzunligi 3,3 km) 1987 yil noyabrda ishga tushirildi. Shu liniyaning uchinchi bosqichi 1989 yil noyabrda (“Gʻafur Gʻulom”, “Chorsu” bekatlari, uzunligi 2,4 km), toʻrtinchi bosqichi (“Tinchlik” va “Beruniy” bekatlari, uzunligi 3,8 km) 1991 yil 30 aprelda ishga tushirildi. Bu liniyaning umumiy uzunligi qariyb 14,3 km ga yetdi.
Toshkent metropolitenining shahar markazini Yunusobod turar joy massivi bilan bogʻlaydigan (umumiy uzunligi 14 km) uchinchi liniyasining birinchi bosqichi (“Mingoʻrik”, “Yunus Rajabiy”, “Abdulla Qodiriy”, “Minor”, “Bodomzor”, “Habib Abdullayev” bekatlari) 2001 yil 26 oktyabrda ishga tushirildi.
Toshkent metropolitenida qatnaydigan poyezdlarning oʻrtacha tezligi 39 km/soat bo’lib, maksimal tezligi 65 km/soat tashkil etadi. Toshkent metropolitenida sutkasiga oʻrtacha 270—300 ming yoʻlovchi tashiladi. Yoʻlovchilarga qulaylik yaratish maqsadida baʼzi bekatlarda eskalatorlar oʻrnatilgan. Metrodagi “Chilonzor”, “Hamza” bekatlari gumbazsimon, “Mustaqillik maydoni” yigʻmamonolit konstruksiyali kolonna tipida, boshqa bekatlar esa kolonna tipida qurilgan. Har bir bekatning badiiy meʼmorlik hamda haykaltaroshlik nuqtai nazaridan bezatilishi ramziy ravishda shu bekat nomini aks ettiradi. Ularda madaniy, monumental dekorativ va amaliy sanʼatning milliy anʼanalari oʻz aksini topgan. Bekatlarga bezak berishda, asosan, Oʻzbekistonda chiqadigan qora, qizil, kulrang granitlar, turli xil marmar, keramika, stomalit, yogʻoch, oyna, turli xil metall va boshqa qurilish materiallri foydalanilgan.
Toshkent metrosi 9 balli zilzilaga bardosh bera oladi. Toshkent metropolitenining umumiy uzunligi 38,25 km, bekatlar soni 29 ta (2004). Metro qurilishi va navbatdagi yoʻl hamda bekatlarni loyihalash ishlari davom etmoqda.
Toshkent metropoliteni har kuni tongi 05:00 (Yunusobod yo‘nalishida 06:00)dan 00:00 gacha yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi. Shahar ko‘chalarida Metro bekatlariga tushish joylari “M” belgisi bilan ajratilgan.
Bugungi kunda Toshkent metropolitenini kengaytirish bo‘yicha 3 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Bular, umumiy uzunligi 54,8 kilometrni tashkil etuvchi yer usti halqa metro yo‘lini qurish, Yunusobod yo‘nalishining ikkinchi bosqichi qurilishida uzunligi 2,93 kilometrdan iborat 2 ta – “Yunusobod” va “Turkiston” bekatlarini barpo etish hamda uzunligi 7,1 kilometr bo‘lgan Sirg‘ali liniyasi qurish bo‘yicha ishlar jadal davom etmoqda.
2025 yilga borib Toshkent metropoliteni yana 4 barobar kattalashadi va poytaxt yer osti temir yo‘llarining umumiy uzunligi 157 kilometrni tashkil qiladi.