Madina
MADINA (arabcha nomi — Madinat Rasulilloh yoki Madinat un-Nabi — payg‘ambar shahri) — Saudiya Arabistonining g‘arbiy qismida, Hijoz viloyatida, Qizil dengizdan 250 km sharqdagi vohada joylashgan. Aholisi 1,488,782 kishi (2020 yilgi ma’lumot). Shaharga asos solingan vaqt ma’lum emas. Shahar Madinai-Munavvara — Nurafshon shahar, al-Islom, Qalb al-Islom, Dor al-Islom, Dor as-Sunna kabi 95 dan ortiq nom bilan ulug‘lanadi. Qadimda shahar Yasrib (Yatrib) deb atalgan. Ptolemey o‘z «Geografiya»sida bu shaharni «Yatrippa», vizantiyalik Stefan esa «Yatrippa polis» deb bergan. Yasrib nomi bilan u Qur’oni karimda ham qayd qilinadi. Milodiy 622 yilda Yasribga Muhammad payg‘ambar boshchiligida musulmonlar ko‘chib o‘tdi. Madinada musulmon davlatchiligiga asos solindi va u birinchi poytaxt sifatida e’tirof etildi. Milodiy 7-asrdan boshlab Madina shahri musulmonlarning Makka shahridan keyingi eng katta ziyoratgohi hisoblanadi. Milodiy 632—661-yillar Madina — Roshidiyn xalifalar davlati deb nom olgan mamlakatning poytaxti hisoblangan. Ummaviylar va Abbosiylar davrida shahar Hijozning ma’muriy markazi bo’lgan. Milodiy 10-asrdan boshlab Misrga tobe bo‘lgan. Misr Usmonli Turklar tasarrufiga o‘tgach (milodiy 1517 yil), Usmonli Turk saltanati, keyinroq Hijoz podshohligiga (milodiy 1919 yil) qo‘shib olingan. Milodiy 1927 yili Madina shahrini Ibn Sa’ud qo‘shinlari zabt etadi va milodiy 1932 yildan boshlab Saudiya Arabistoni tarkibiga kiritiladi.
Asrlar davomida Madina shahri o‘z ahamiyatini saqlab kelmoqda. Qur’oni karimning eng katta suralari (Baqara, Oli-Imron, Niso, Moida va boshqa ko’plab Suralar) Madinada nozil bo‘lgan. Shaharda Podshoh Fahdning Qur’on chop etiladigan maxsus bosmaxona majmuasi bor. Madina shahar markazida Muhammad SAV Payg‘ambar uyi o‘rniga Katta Masjid (milodiy 656) qurilgan. Shahardagi suv minorasi diqqatga sazovor joy. Minoraning yuqori qismidagi maydondan shaharning aksariyat qismi ko‘rinib turadi.
Madina aholisi, asosan, ziyoratchilarga xizmat qilish, ibodat uchun zarur buyumlar (tasbeh, joynamoz, maxsus kiyimlar) ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi, shahar chetida dehqonchilik va bog‘dorchilik mahsulotlari (xurmo va sabzavot) yetishtiriladi. Madinada o‘quv muassasalaridan kollejlar, Madrasa va bilim yurtlari, Islom Universiteti (mildoiy 1961 yildan beri) bor.
Madina shahri atrofida uchta aylanma yo‘l qurilgan, eng zamonaviy aloqa vositalari mavjud. Shahar avtomobil’ yo‘llari orqali Makka, Najaf (Iroq), Ammon (Iordaniya), Yanbo va Jidda shaharlari bilan bog‘langan. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Dengiz suvini chuchuklashtirib beruvchi inshoot qurilgan.