Usmoniylar Tarixi

Usmoniylarning kelib chiqishi. Usmoniylar Tarixi ushbu Imperiya asoschisi Erto‘g‘rul bilan boshlanadi. Turklar Islom dinini IX-X asrlardan O‘rta Osiyoda yashayotgan paytlaridayoq qabul qilgan edilar. Janub tomon XI asrda siljiy boshlagan turklarning bir shoxobchasi Saljuq boshchiligida Forsda joylashib qolib, 1055 yilda Bag‘dodni bosib oldi. Ikkinchi shoxobchasi – g‘uriylar Qobulni egallab, u yerda o‘z hokimiyatini tashkil etdilar. Boshqa bir kichik shoxobcha Fors va Iroq orqali o‘tib, mongollar istilosi davrida Furot daryosining yuqori qismi sohillarida ma’lum vaqtgacha qaror topdilar. U paytda hali musulmonlar o‘z e’tiqodlari uchun salibchilarga qarshi jang olib borishayotgan edilar. Hamma jabhalarda – Kichik Osiyoda ham, Shomda ham ko‘ngillilarga ehtiyoj sezilardi. Turklarning ko‘pgina guruhlari shu mintaqada borib-kelib yurishdi, ayrimlari elxonlar hukmronligi davrida bekliklarni qo‘lga kiritdilar. Ana shunday guruhlardan biriga Usmon ismli turk sarkori bosh bo‘lib, uning tarafdorlari usmonli turklar deb ataladigan bo‘ldilar (keyinroq ularni ovrupocha talaffuzda «usmoniylar» deb nomlay boshladilar). U o‘zi boshqargan ko‘plab janglardan birida halok bo‘lganidan keyin o‘g‘li Erto‘g‘rul Ko‘nyoning saljuqiy sultoni Alouddin II xizmatiga o‘tadi. Jasur jangchilari bilan dong taratgan bu turklarni sulton vizantiyaliklarga qarshi savashda sinab ko‘rmoqchi bo‘ldi. U Erto‘g‘rulni Marmar dengizining janubiy sohilida joylashgan So‘g‘undga bek qilib tayinlab, unga chegara posbonligini topshirdi. 1289 yili Erto‘g‘rul vafot etgach, qabilaga boshchilik hamda chegara tumaniga egalik qilish uning o‘g‘li Usmon ixtiyoriga o‘tdi.

Usmon I (1290-1326 yillar). Usmon usmoniylar davlatining asoschisi hisoblanib, uning nomini turklar hozir ham hurmat bilan tilga oladilar. U o‘z xalqini buyuklik darajasiga ko‘tarishni orzu qilardi. Saljuqiylar va g‘uriylar qo‘lga kiritgan yutuqlarni yaxshi bilgan Usmon, nega mening xalqim ham shunday ulug‘ taqdirga arzimas ekan, deb o‘ylardi. Uning oldida turgan oydin vazifa Vizantiya imperiyasini tor-mor keltirish edi. U G‘arbga o‘z imperiyasi sifatida qaramoqchi bo‘lardi, bunga erishmoq uchun esa xalqiga kuch-quvvat ato etishi zarurligini yaxshi bilardi. U vizantiyaliklarni yengib, hech bo‘lmaganda ularning Kichik Osiyodagi istehkomini – ko‘hna Bursa shahrini yoki Nikodemiyani zabt etib, loaqal kichikroq mustaqil bir amirlikka ega bo‘lib olgach, Marmara dengizi orqali Triest tayanch nuqtasini qo‘lga kiritishi darkor edi. Usmon o‘g‘li O‘rxon bilan birgalikda ana shularning hammasiga erisha oldi. Sarguzasht ishqibozi bo‘lgan ko‘pgina musulmonlar, savdogarlar, hatto yahudiylar unga kelib qo‘shildilar. Ular madadidan kuch-quvvatga to‘lgan Usmon vizantiyaliklarga qarshi bir necha g‘azavot urushi olib borishi natijasida Melangnor shahrini zabt etdi va unga Qarjahisar nomini berib, o‘z poytaxtiga aylantirdi. So‘ngra muhim Bursa qal’asini qamal qildiki, bu shahar 1326 yili, ya’ni uning vafoti yili taslim bo‘ldi. Kichik bir davlatiga amir bo‘lgan Usmon o‘zini mustaqil deb e’lon qilib, jonajon turklarini buyuk maqsad sari boshlab bordi. Ularga intilish va qahramonona harakatlar vasiyat qildi. Uning o‘rnini O‘rxon I egalladi.

O‘rxon I (1326-1359 yillar). O‘rxon I Usmonning jasadini katta dabdaba bilan Bursa qo‘rg‘onidagi cherkovga dafn ettirdi. Shundan buyon masjidga aylantirilgan bu imorat turk sultonlarining dahmasi bo‘lib qoldi. O‘rxon Nikodemiyani bosib olib, u yerda birinchi turk maktabini ochdi. Ajoyib fazilatlari bilan yaxshi ma’lum Dovud al-Qaysariy unga rahbar etib tayinlandi. O‘rxon otasi an’analarini davom ettirib, 1330 yili Filokrin yaqinida vizantiyaliklarga zarba berdi, shaharni egallab, u yerda maktablar hamda sanoat korxonalarini ochdirdi. Millatning haqiqiy bunyodkori sifatida u barcha eski yunon bilimgohlarini saqlab qoldi: ularni Islom tartib-qoidalariga moslashtirib, o‘ziniki qilib oldi. Qo‘shinlarini qayta qurib, g‘oyat iste’dodli dodxoh Qora Xalil Jondorli Xayriddin Poshshoni ularga bosh qilib qo‘ydi. Deyarli butunlay otliq askarlardan iborat turk qo‘shinlari uchun yangicha poyabzal kiyishni urf ettirdi. «Jonnisorlar» (din uchun o‘limga ham tayyorlar) deb nomlangan harbiy qism tashkil qildiki, u keyinchalik shon-shavkati hamda cheksiz sadoqati jihatidan turk qo‘shinlarida eng yaxshi qismga aylandi. Uning a’zolari jonnisorlar nomini oldilar. Dastlab qaram nasroniy o‘lkalarning farzandlaridan ham ular safiga olishib, alohida imtiyozli sharoitlarda ta’lim berildi. Bu yigitlarning ko‘plaridan mashhur dodxohlar yetishib chiqdi, ularning hammasi musulmon sanalardi. Sultonga mutaassiblarcha sodiq kishilardan tashkil topgan bu qism maxsus qo‘shin sifatida dong taratdi. Jonnisorlar qariyb uch yuz yil mobaynida yetakchilik qilishib, keyin aynib ketdilar.

O‘rxon va Vizantiyaliklar. Shu davrga kelib Vizantiya imperiyasi ancha kichrayib qolgandi. Avvaliga saljuqiylar, so‘ngra usmoniylar vizantiyaliklarni Kichik Osiyodan surib chiqardilar. Janubi-sharqiy Ovrupodagi Vizantiya imperatorining davlati serblarning kuch-qudratga to‘lib kelayotgan davlati tomonidan qulatildi. Bulg‘orlar ham hujumga o‘tdilar. Vene’iya davlatlarini hamda Genuya Egey dengizidagi bir nechta orolni egalladilar. Ana shunday bir paytda imperator Andronikus III vafotidan keyin (1331 yil) uning bevasi Anna imperator xonim bo‘lib, Kantakuzin ismli kimsa esa unga muvaqqat vasiylikni o‘z zimmasiga oldi. Tez orada ular o‘rtasida kelib chiqqan nizo natijasida Kantakuzin O‘rxon I bilan ittifoq tuzarkan, uning qizi Teodoraga uylanib, evaziga vaqtincha olti ming kishilik qo‘shin ajratib berishni iltimos qildi. Kantakuzin turk otliq askarlari yordamida Annani yengib, o‘z rafiqasi bilan birgalikda imperatorlikka ko‘tarildi. To‘rt yil o‘tib, 1349 yili serblar Vizantiyaga qarshi qo‘lga qurol olganlarida imperator Konstantinopol malikasi bilan birgalashib, ikkinchi bor turk qo‘shinlarini yordamga chaqirishdi. O‘rxon yana yigirma ming otliq va piyoda askarlari bilan madadga keldi. To‘rt yildan keyin Kantakuzin imperator xonim Annaning balog‘atga yetgan o‘g‘li Jon Paleolugos bilan janjallashib qolib, tag‘in qaynotasidan ko‘mak so‘rashga majbur bo‘ldi. Bu gal u O‘rxonga mamlakatning Xallesponta deb atalgan Ovrupo qismidagi Tzimpe qal’asini ishonib topshirdi. O‘rxon o‘z o‘g‘li Sulaymonga vakolat berib, kuchli harbiy qism bilan shu qal’aga jo‘natdi. Tadbirkor yigit Sulaymon zilzila sababli Gallipoli qal’asi vayron bo‘lganligidan foydalanib, uni ham egalladi. Kantakuzin bunga noroziligini bayon qilganida O‘rxon tez-tez ko‘rsatilib turilgan yordam oldida shu xaroba qal’ani arzimagan narsa, degan fikr bildirdi. Bunday muomala aslo ma’qul tushmagan imperator to‘polon ko‘tarib, nasroniy do‘stlari – serb va bulg‘or qirollaridan yordam so‘raganida ulardan rad javobni oldi. Bu voqea vizantiyaliklarning Kantakuzinga nisbatan g‘azabini alanga oldirib yubordi. Uni sotqinlikda ayblashib, taxtdan voz kechishga majbur qildilar. Fursatdan foydalanib, Jon Paleolugos turklar qal’ani tark etishlari uchun jon kuydirdi, lekin uning bu rejasi ro‘yobga chiqolmay qoldi. Chunki turklar u yerda mahkam o‘rnashib olgan edilar. Ular hozir ham shu yerda muqim yashab kelishyapti. Sulaymon otidan yiqilib qazo qilganida O‘rxon juda qattiq kuyindi. Uning o‘zi sevimli o‘g‘lidan bir yil keyin, 1359 yilda vafot etdi. U yaxshi rahnamo, buyuk tashkilotchi, ajoyib ma’mur va millatning vujudga kelishida haqiqiy bosh bo‘lgan kishi edi.

Murod I (1359-1381 yillar). O‘rxon o‘rniga Onodo‘lida xizmat qilayotgan paytidayoq Angorani egallagan ikkinchi o‘g‘li Murod keldi. O‘rxon vafotidan keyin savdogarlarning oqiy birlashmasi yordamiga tayangan onodo‘liliklar qo‘zg‘olon ko‘tarishdi. Murod tezda orqaga qaytib kelib, qo‘zg‘olonni bostirgach, Triest dovonidan oshib o‘tib, Demostikeni o‘ziga qarorgoh qilib belgiladi. Shu yerdan turib u Bolqon shahzodalariga qarshi ko‘plab chora-tadbirlarni amalga oshirdi. Murod 1362 yili Adrianopolni zabt etib, poytaxtga aylantirgach, Konstantinopolni Bolqondan ajratib oldi. So‘ngra Bolqon knyazliklarini ketma-ket qo‘lga kirita bordi. Uning Evrenos va Lala Shalin ismli dodxohlari Tchorlu va Kirk Kilissa qal’alarini egallashdi. Endi qo‘shin tortib kelish navbati Vizantiya imperatoriga yetgan edi, biroq Murod Eski Bobo bo‘sag‘asida uni mag‘lubiyatga uchratib, Filippolini ham qo‘lga kiritdi. U hujumni to‘xtatmagan holda Bolqon tog‘larigacha bo‘lgan barcha yerlarni bosib oldi. Shu bilan Murod Bolqon xalqi qalbiga titroq soladigan rahbarga aylandi, bulg‘or qiroli Shisham esa tovon, soliq to‘lashga ham rozi bo‘ldi.

Turklarga qarshi dastlabki salib urushi. Salib yurishlari yakun topgan edi. Shom zabt etilib, yana qo‘ldan chiqarilgandi. Salibchilarning Falastindagi so‘nggi qal’alarini mamluklar tortib olganlaridan buyon yuz yillab davr o‘tib ketgan bo‘lsa-da, Papa g‘arb salibchilarining ma’naviy otasi sifatida hali ham ma’naviy tazyiq o‘tkazib turishga qodir edi. Shunday qilib, Vizantiya imperatori yordam so‘rab murojaat qilganida Papa Urban V Ovrupo tojdorlari e’tiboriga eski shiorni havola qildi. Javob ham ilgarigidek bo‘ldi. Musulmonlar degani qanday xalq o‘zi? Ularni mongollar sindira olmagan, tortorlar yo‘q qilolmagan bo‘lsa!.. Mana yana bosh ko‘tarib chiqishyapti. Bu gal Ovruponing boshqa bir burchagidan… Bu savollar hammaning aqlini band qilgan edi. Salibchilar yig‘ilishib, boshchi qilib saylashgan Asmodeus Savoyskiy o‘z harbiy dengiz kuchlari va qo‘shinlarini hozirlab, Gallipolini bosib olganida turklar unga hujum qilib, haydashlari bilan salib yurishi ham tugadi. Lekin bu turklarga qarshi yurishlarning so‘nggisi emasdi. Shundan keyin Bolqon davlatlari Serbiya qiroli rahnamoligida birlashib, turklar qarorgohiga hujum qildilar. 1371 yilda Mari’a daryosi yaqinida nihoyatda katta jang bo‘lib o‘tdi. Serblar va ularning ittifoqchilari tor-mor keltirilib, Murod Makedoniyani egalladi. U endi hatto Albaniya va Yunonistonga ham yurishlar uyushtira boshladi. U Bolqonda beqiyos katta qudratga ega bo‘lganligi natijasida Konstantinopol imperatori Jon Paleologus turk sultoni qaramligiga tushib qoldi.

Zafarlar davomi. Kosovo jangi (1389 yil 20 iyun). Murodning dodxohlari, ayniqsa, Xayriddin Jondorli va Hoji Elberzi amirning o‘zi singari dilbar kishilar edi. Ular navbatdagi yangi g‘alabalari arafasida muayyan tadbirlarni amalga oshirdilar. Rumeliya poytaxti Sofiya 1385 yilda, Nish shahri 1386 yilda qo‘lga kiritildi. Bu g‘alabalar tufayli turklar kuchiga kuch qo‘shilib, Serbiya qiroli Lazar ham Murod I ga itoat qiladigan bo‘ldi. Italiya jumhuriyatlari Muroddan savdo-sotiq shartnomalarini qo‘yarda-qo‘ymay talab qila boshladilar. Genuya jumhuriyati esa u bilan birinchi bo‘lib savdo bitimi tuzdi. 1388 yili Vene’iya bundan namuna olib, Marmar dengizi orqali suzib o‘tib, Rusiya hamda Qora dengiz sohilidagi bandargohlar bilan savdo-sotiq qilish ijozatiga erishdi. Bulg‘or podshohi Shisham III unga singlisini xotinlikka berib, ittifoq tuzgan bo‘lsa ham, Bolqondagi boshqa davlatlar, serblar va bosniyaliklar tazyiqi ostida turklarni olg‘a borishdan to‘xtatishga yana bir bor urinib ko‘rdi. U juda katta qo‘shinni safarbar etganligi natijasida nasroniylar biroz ustunlik qilgan bo‘lsalar-da, dodxoh Xayriddin Jondorlining o‘g‘li Ali Poshsho Tirnovo va Shumlu shaharlarini bosib oldi. Shunday paytda boshqa bir ittifoq vujudga kelib, Bolqondagi barcha davlatlar turklarga qarshi uyushdilar. Serblar, bulg‘orlar, bosniyaliklar hamda valaxiyaliklar serb qiroli Lazar sarkardaligida birlashuvlari natijasida 1389 yil 20 iyunda Kosovoda buyuk jang boshlanib ketdi. Turklar ittifoqchilarini tor-mor qilib, ularga qaqshatqich zarba berdilar. Murod jangda qurbon bo‘ldi, lekin uning o‘g‘li shahzoda Boyazid olishuvni davom ettirdi. Qirol Lazar ham savashda o‘ldirilib, urush tamom bo‘ldi.

Murodning yutuqlari. Usmon usmoniylar otasi, O‘rxon esa podshohlik asoschisi hisoblansa bo‘ladi. Lekin shu podshohlikni imperiyaga aylantirgan kishi Murod I edi. Bu buyuk fotih Bolqon xalqlarining adabini shu darajada berib qo‘ydiki, turklar Ovrupodagi har bir uyda og‘izdan tushmaydigan bo‘lib qoldi. Jasurlik, qat’iyat va tadbirkorlik unga xos xususiyatlar edi. U, shuningdek, yaxshi diplomat hisoblanardi. Istilo natijasida nimagaki erishgan bo‘lsa, hammasini shartnoma yoki ittifoq tuzish yoxud savdo bitimlari vositasida qo‘lga kiritdi. U o‘g‘li Boyazidni Karime (Qrim) amirining qiziga uylantirib, qudasiga tegishli davlatning bir bo‘lagini kelinning sepi-sovg‘asi sifatida o‘ziga qo‘shib oldi. Hamid davlatining har qismini sotib olib, Kichik Osiyoda o‘z tasarrufi doirasini kengaytirdi. Urushda u dushmanlariga dahshat solardi. Uning davrida turk qo‘shinlari Dunay daryosini ham kechib o‘tdilar. Qo‘shinlari esa Ovrupoda peshqadam edi. U shon-sharaf an’analarini meros qilib qoldirdiki, avlodlari ularni uzoq davr davomida avaylab-asradilar.

Boyazid I (1389-1402 yillar). Murod o‘rniga kelgan shahzoda Boyazid o‘z ajdodlariga xos butun jasoratini namoyish qildi. U Kosovadagi g‘alabani sabot bilan oxiriga yetkazib, serblarning yangi qiroli Stefanni taslim bo‘lishga majbur qildi. Qo‘shinlari boshida Valaxiyaga (hozirgi Ruminiya) kirib olgach, uning shahzodasini tovon to‘lashga majbur etdi. Butun Bulg‘oriya ham turklarning tobora kengayib borayotgan imperiyasi tarkibiga kirdi. Boyazidning o‘g‘li Sulaymon Tirnovoni, Nikopolis, Veldin qal’alarini va Silistriyani egallab, shu bilan turklar Mojariston sarhadlariga chiqib oldilar. Sulton bu davlatga ham qo‘shinlarini yo‘lladi. Janubda uning dengizdagi kuchlari Egey orollariga hujumni boshlab yubordilar. Kitobimizning IX bobida eslatib o‘tilganidek, u o‘z boshiga balo orttirib, Vizantiyaning Kichik Osiyodagi so‘nggi qo‘rg‘oni bo‘lib turgan Filadelfiyani ham qo‘shib olgach, butun Kichik Osiyoni zabt etib qo‘ya qolish to‘g‘risidagi xayolga borib qoldi. Biroq shungacha Boyazid Konstantinopolni qamal qilib turgan edi. Qamal sakkiz yil (1391-1398 yillar) davom etdi. Shu davr ichida u birovlarni imperatorlikka tayinladi, kimlarnidir taxtdan ag‘dardi, lekin shaharni bosib ololmadi. Chunki Mojariston qiroli Sigizmund boshchiligida Ovrupo nasroniylari turklarga qarshi yangi salib yurishini boshlab yuborgan edilar. Bolqondagi barcha hukmdorlar hamda Angliya, Farangiston va Olmoniyaning pahlavon jangchilari salibchilarga qo‘shildilar. Ularga Papa ham yon bosdi, Mojariston va Genuya tijoratchi davlatlari yordam berishdi. 1396 yil 25 sentyabrda Nikopolis uchun bo‘lgan jangda turklarni qarshi olgan salibchilar mag‘lubiyatga uchradilar. Turklar ularning qo‘shinlarini tom ma’noda qiymalab tashlashdi. Shundan so‘ng turk qo‘shinlari Yunoniston ustiga yurish qilib, uni ham bosib oldiki, bu Boyazid davlati shuhratining cho‘qqisi bo‘ldi. Shunday shon-shuhratdan esankirab qolgan Boyazid o‘zidan ustun Temurga qarshi jang boshlab, mag‘lub bo‘ldi va tutqunlikda o‘lib ketdi. Uning vafotidan keyin o‘g‘illari orasida o‘zaro olishuv bo‘lib, 1413 yilda shahzoda Muhammad g‘olib chiqdi.

Muhammad (1413-1421 yillar). Muhammad hammasi bo‘lib sakkiz yilgina mamlakatni boshqardi. Lekin bu yillarning hech biri bekor o‘tmadi. Eng avvalo u usmoniylar imperiyasida tartib o‘rnatdi. O‘zlarini o‘nglab olgan bolqonliklar Boyazid avlodlarining o‘zaro talashuvlaridan foydalanib goh u yer, goh bu yerda bosh ko‘tara boshlagan edilar. Muhammad sulton bo‘lgach, ana shunday ko‘tarilishlarga qattiqqo‘llik bilan chek qo‘ydi. Lekin turklarga ashaddiy dushman bo‘lib qolgan vene’iyaliklar shunga qadar Gallipoliga hujum qilib, uni bosib olishga ulgurishgan edi. U qadar qudratli bo‘lmagan harbiy-dengiz kuchlariga ega Muhammad Vene’iyaning dengiz kuchlariga qarshi tura olish maqsadida bu mamlakat bilan sulh bitimi tuzdi. Biroq shu paytda boshqa muammo kelib chiqdi: musulmonlarga mansub bir bid’atchi o‘zini haloskor deb e’lon qildi. Kichik Osiyodagi g‘arbiy sohil bo‘ylab harakat boshlagan bu kishi Badriddin Mahmud bo‘lib, u asl so’ializm g‘oyasining5 ko‘plab tarafdorlarini yig‘ishga erishdi. Sulton Mahmud Badriddinga qarshi yuborgan qo‘shin mag‘lubiyatga uchradi. U boshlagan boshqa bir yurish ham barbod bo‘ldi. Nihoyat shahzoda Murod Ovrupo Turkiyasining sarkardasi Boyazid Poshsho hamrohligida katta qo‘shinga bosh bo‘lib borib, Badriddin kuchlarini tor-mor keltirdi va bid’atchilikni ham tag-tomiri bilan tugatdi. Muhammad qazo qilgach, Murod taxtga o‘tirdi.

Murod II (1421-1451 yillar). Taxt egasi Murod hali juda yosh edi. Nasroniylar uni ag‘darib tashlashni oson ko‘rdilar. Turklarni yakson qilish orzusi ovrupoliklar qalbida pishib yetilgan edi. O‘zini sulton Boyazidning o‘g‘liman, binobarin, Murodga amaki bo‘laman, deb ovoza qilib yurgan Mustafo ismli kishi Konstantinopol imperatoriga juda qo‘l kelib, u qo‘zg‘olonga da’vat bilan birga qo‘shin va pul bergach, Mustafo Murodga hujum qilib, Adrianopol ostonasida g‘olib chiqdi. Lekin Turkiyaning Osiyo qismi yordamiga tayangan Murod Konstantinopolga hujum qildi, imperator esa yordam so‘rab Vene’iyaga murojaat etdi. Vene’iya dengiz kuchlari uning orqa tomonidan shu qadar shiddatli o‘q yog‘dirdiki, natijada Murod o‘zini qurshovda qoldirdi. Vene’iya hatto Salonikini Yunonistondan ajratib olib, uning bilan ittifoqda turklar egallab turgan joylarga yopirilib bordilar. Shu oraliqda Murod vene’iyaliklarning Egey dengizida egallagan mavqelariga qarshi o‘z dengiz kuchlarini yubordi. 1430 yili Salonikini qo‘lga kiritgan turklar u yerda turib qolmasdan, yana ilgarilab borib Qibrisni va Albaniyaning katta qismini zabt etdilar. O‘sha paytda Vene’iyada notinchlik edi, chunki unga Milan davlati hujum qilishga hozirlanayotgandi. Shu sababli vene’iyaliklar chaqirib olinib, g‘oliblik Murod ikkinchiga nasib qildi.

Jon xunyodi – Mojariston himoyachisi (1442 yil). Ayni kuch-g‘ayratga to‘lib-toshgan Murod Mojaristonga qo‘shin yubordi, lekin uning yurishi noqulay vaqtga to‘g‘ri keldi. Mojar xalqi o‘ziga rahnamo topgan edi. Ko‘plab ajoyib fazilatlar sohibi Jon Xunyodi ana shunday zot bo‘lib chiqdi. Yurtdoshlari bu g‘oyat mashhur sarkarda boshchiligida jang qilishdan o‘zlarida mamnuniyat sezardilar. Xunyodi sadoqatli qo‘shinini turklarga qarshi zafarli savashga boshlab bordi. Bu g‘alaba to‘g‘risidagi xabar butun Ovruponi quvontirdi. Nihoyat turklarni yenga olgan rahbar o‘zlari ichidan chiqqanligidan nasroniylar benihoya xursand edilar. Shuning uchun ular yangi salib yurishini boshlash fursati yetdi, degan xayolga bordilar. Papa ham zo‘r umidlar bilan hamma yoqqa o‘z xabarchilarini yo‘lladi. Bolqondagi barcha xalqlar bunga xushnudlik bilan javob berdilar. Mojarlar, bosniyaliklar, valaxiyaliklar va serblar allaqachon kerakli joyda shay turishardi. Muqaddas ishdan polyaklar ham chetda qolmadilar. Salibchilar boshida esa Jon Xunyodi turardi. U Nishni bosib olib, Sofiya tomon yo‘naldi. Murod oldida ikkita imkoniyat turardi. Birinchidan, uning qo‘shinlari allaqachon yengilgan bo‘lib, bunday katta kuchga munosib qarshilik uyushtirishga hozircha vaqti yo‘q. Jangga kirishadigan bo‘lsa, yana mag‘lubiyatga uchrashi mumkin. U alamli yechimga kelib, sulh tuzish to‘g‘risidagi muzokaraga bordi. 1443 yilgi Shejedin sulhiga ko‘ra, Murod Serbiyadan voz kechib, Mojariston qiroliga Valaxiyani in’om etganidan keyin o‘n yilga tinchlik o‘rnatildi. Bu dono qaror bo‘lsa ham, Murodning dilini pora qilgandi. U nomus o‘tida qattiq kuyinganligidan hatto taxtidan voz kechib, uni o‘n to‘rt yashar o‘g‘liga qoldirganicha o‘zi Onodo‘liga qaytib keldi.

1444 yilgi salib yurishi. Ovrupo tantana qilmoqda. Behad xursand Papa ko‘nglidan «Mana nihoyat turklarni ham tinchitdik», degan fikr o‘tdi. Nasroniy hukmdorlar bitimni tan olishmadi, ehtimolki, Papa salib yurishini olib borish maqsadida shunday bo‘lishi uchun oyoq tirab turib olgandir. Mojariston qiroli barchaning fikrini qabul qili, Bulg‘oriyaga qo‘shin tortdi. Bunga vene’iyaliklar ham qo‘shilishga rozi bo‘ldilar-u, biroq salibchilar bilan Varnada birlashish uchun o‘z dengiz kuchlarini yuborish niyatida ekanliklarini bildirdilar. Bu milliy buhron edi. Salibchilar hujumga o‘tib, imperiya xavf ostida qoldi. Turk zodagonlari esa Murodga qo‘rqinchli mish-mishlar yetkazib, uning yo‘lidan qaytishini o‘tinib so‘radilar. Yolg‘izlikdan zerikkan Murod Adrianopolni kesib o‘tib, turk qo‘shinlariga sarkardalikni qabul qildi. Bundan ilhomlangan turklar qo‘rquv tuyg‘usini unutdilar. Murod salibchilarni Varnada qarshi olib, tor-mor keltirdi. Mojariston qiroli Vladislav jangda halok bo‘ldi. 1448 yilda Jon Xunyodi katta qo‘shin bilan yana qaytib keldi, biroq Murod 17 oktyabrda Kosovoda bo‘lib o‘tgan ikkinchi savashda uni yengishi natijasida o‘zining barcha yerlarini qaytarib oldi. Sultonning nomi yana Ovrupoda vahima uyg‘otadigan bo‘ldi.

Murod II – Hukmdor. Ko‘pgina jozibali fazilatlarga ega bu g‘oyat mashhur sulton usmoniylar imperiyasiga cheksiz sadoqatli rahbar, yirik harbiy sarkarda va dongdor inson sanalardi. U o‘z xatti-harakatlarida qat’iyatli, adolatli, mehr-oqibatli edi. Fan rivojini rag‘batlantirib turardi, ko‘pgina arab va fors mumtoz asarlari uning davrida turk tiliga o‘girildi. Tobora ommalashib borayotgan bu tilda nasriy va she’riy asarlar yozila boshlandi. Murod taqvodor inson bo‘lsa ham, g‘ayridinlardan insonparvarlik munosabatlarini ayamasdi. Nasroniy bandilar bilan muomalasi unga xalqaro izzat-hurmat keltirdi. Hamma joyda uning fikri bilan hisoblashardilar, chunki bilardilarki, u hech qachon aytganidan qaytmaydi. Murod ajoyib usmoniy sultonlaridan biri edi.

Muhammadning zabtkorligi (1451-1481). Endi toju taxt eng yirik turk sultonlaridan biriga – Muhammad alayhissalom dinining jonkuyari sifatida Zabtkor nomi bilan shuhrat qozongan Muhammad II ga tegdi. Taxtga o‘tirganida endi 21 yoshda bo‘lgan bu yigit o‘ttiz yil podshohlik qildi. Amir Muoviya davridan beri ko‘plab qamallarga bardosh berib, Islom kuchlariga taslim bo‘lmagan Konstantinopolni bosib olishni o‘ziga maqsad qilib qo‘ydi. Uning imperatori turklarga qaram bo‘lib, soliq to‘lab turardi, shahar barcha ovrupoliklar uchun va, ayniqsa, yuz ellik yil mobaynida turklar bilan jangu jadallar olib borgan Sharqiy Ovrupo nasroniylari uchun ochiq edi. Ilgarigi sultonlar Bosforning Osiyo qismida, Konstantinopolga bevosita yaqin bo‘lgan Onodo‘li Hissor deb nomlangan joyda qurdirgan qasrini u Rumeli Hissor, ya’ni Ovrupo saroyi deb atadi. Qal’a qurib tugatilgach, Muhammad o‘rta asrlar oxirida o‘z nomi bilan bog‘liq mashhur bo‘lib qolgan qamallaridan birini amalga oshirishga kirishdi.

Konstantinopolning bosib olinishi (1453 yil). Eski shaharda 10 ming askar bor edi. Vene’iyaliklar va yunonlar turklarning shu atrofdagi harbiy-dengiz kuchlari ustunligiga qaramasdan, qurshovda qolganlarga yordamga keldilar. Shahar sharq tomondan himoya qilindi. Chunki vizantiyaliklar yo‘g‘on cho‘yan zanjir tayyorlatishib, u bilan Oltinshoh ko‘rfazini birorta kema kirolmaydigan darajada to‘sib qo‘ygan edilar. Muhammad II shaharning quvvatli devorlarini g‘arbiy va shimoliy tomondan o‘qqa tuttirdi, biroq epchil harbiy qism uning o‘pirilgan joylarini zudlik bilan yamab turardi. Muhammad shaharning janubidan yoki sharqidan ko‘rinishga jazm etmadi. «Zanjirni uzishga urinib ko‘rsammikin?» Bunga ham imkoniyat yo‘q, chunki shahar devori ustiga o‘rnatilgan to‘plar to‘ppa-to‘g‘ri ko‘rfazni nishonga olib turishardi. Qani endi kemalari narigi tomonda bo‘lsa! Umuman ularni boshqa sohilda barpo etsa bo‘larmidi? Yo‘q, bo‘lmasdi, sababi u tomonda birorta kemasozlik maydoni yo‘q. Ular qirg‘oq burunlariga urilishlari va qit’a ko‘rsatkichi yonidagi girdobda sohillar orasida ilinib qolishlari mumkin edi. Tavakkal qilib ko‘rsinmi? U dengizchi muhandislarga maslahat soldi. Ular bir sinashib boqishga, o‘z navbatida Muhammad esa buning uchun katta mukofot berishga va’dalashdilar. Quruqlik osha yetmishta yengil kemani Qora dengizga sudrab olib kelib, to‘liq jihozlangan askarlari va zambaraklar bilan suzishga qo‘yib yubordilar. Unchalik katta bo‘lmagan bu dengiz kuchlari shaharga orqa tomondan hujum qilishib, qurshovni darz ketdirishdi. Muhammad g‘arb tomondan zarba berib, qal’a devorining yiqitilgan joyidan eski shaharga bostirib kirishga muvaffaq bo‘ldi. Qonli jangda so‘nggi imperator Konstantik o‘ldirildi. Vene’iyaliklar va genuyaliklarning kemalari ko‘pgina nasroniylarni omon saqlab qoldilar. Nihoyat, qudratli Konstantinopol shahri taslim bo‘ldi. Bu voqea katta siyosiy ahamiyat kasb etmadi, chunki turklar yuz yillar mobaynida Bolqonda xo‘jayinlik qilib turdilar. Lekin mazkur g‘alabaning boshqacha bir ahamiyati bor edi. Qadimiy madaniyat sohibi bo‘lgan bu shahar sobitqadam cherkov markazi va azaliy imperatorlar maskani bo‘lib bo‘lib kelgandi. Unda butun Ovrupo ardog‘idagi Avliyo Sofiya kafedral sobori joylashgan. Shu sababdan ham shaharning qo‘ldan ketishidan butun qit’a og‘ir qayg‘uga cho‘mdi. Oydinlar shaharni tark etisharkan, qadimiy adabiy xazinani o‘zlari bilan olib ketib, Ovruponi boyitdilar. Biroq qit’a aholisi bu yo‘qotishni hech qachon unuta bilmadi va turklarni ham avf eta olmadi. Shu davrdan boshlab Ovrupodagi har bir qo‘l turklarga qarshi cho‘zilaveradigan bo‘ldi. Qit’adagi barcha xalqlar birin-ketin ular bilan kurashib chiqdilar, shu tariqa urush to‘rt yuz yil davom etdi. Nasroniylar 1492 yili G‘arnotadagi so‘nggi musulmon podshohligini barbod qilmagunlaricha unga hujum qilaverib alamlaridan chiqdilar.

Muhammad Fotih. Bunday unvonga u faqat Konstantinopolni zabt etganligi uchun emas, balki ko‘p martalab zafar quchganligi tufayli sazovor bo‘lgan. Xunyodi hali turk yerlariga yurish qilib turardi. Muhammad ham o‘z navbatida 1456 yilda Serbiyaning poytaxti Belgrad shahrini qamal qildi. Shunday bir paytda Xunyodi vafot etib, Muhammad esa g‘olibona yurishini davom ettirdi. U 1458 yilda Serbiyani, 1458 va 1461 yillar oralig‘ida Bosniya bilan Her’egovinani egalladi. Bu mintaqalarda ko‘pchilik Islom dinini qabul qildi. Shu yillari turklarning dengiz kuchlari Egey bahridagi orollarni bosib oldi. Biroq har qadamda Vene’iya va Genuyaga madadkor bo‘lib kelayotgan mashhur Iskandar boshchiligidagi Albaniya bir chekkada qolayotgan edi. Iskandarbek vafotidan keyin 1467 yili bu malakat ham bosib olindi. Ana shu g‘alabalar Ovruponi tahlikaga solib qo‘ydi. Musulmonlarning boshqa bir shoxobchasi qit’ada sharq tomondan ham xuruj qilayotgan edi. Vene’iya, ayniqsa, tashvishga tushib qoldi. Usmoniylar Vizantiyaga qaram barcha Egey orollarini egallab, Vene’iya bilan Rusiyaning ko‘pgina tijorat bozorlari joylashgan Qora dengiz bandargohlariga olib boradigan savdo yo‘lini yopib qo‘ydilar. Hayajonga tushgan Papa yana «Nasroniylar xavf ostida!» degan eski da’vat bilan navbatdagi salib yurishini uyushtirishga chog‘landi. U hatto ma’lum natijaga erishdi ham. Mojariston bilan Vene’iya jangga hozirlik ko‘ra boshlashdi, biroq bundan hech narsa chiqmadi. Betayinlikdan charchagan turklar orqaga qaytib ketdilar. 1469 yili Dolmatiya va Xorvatiya, 1470 yili Adriatika dengizidagi Negroparte bandargohi egallandi. Vene’iyaliklar Fors bilan ittifoq tuzib, shohni sharqdagi turklarga qaram o‘lkalarga hujum qilishga tezlashdi. Forslar jangga otlandilar, lekin turklar 1473 yilida Erzinjonda ularga zarba berganlaridan keyin Vene’iya tomonga burilib, shimoliy Albaniyadagi bir qancha shaharlarni ham qo‘lga kiritdilar. Vene’iya dengiz kuchlari Skutariga hujum qildi, turk dengizchilari esa Adriatikaga suzib kirganlaricha Vene’iyaning o‘zini nishonga olishib, uni muomalaga o‘rgatib qo‘yganliklaridan tashqari ko‘p kulfatlarga sabab bo‘lgan urushga chek qo‘ygan sulh bitimi imzolanishiga ham boshlab keldilar. Turklar yuqori Albaniyani, Negroparteni, Egey orollarini ishg‘ol qildilar. Qora dengizda savdo qilish ijozati uchun Vene’iya har yili sultonga 10 ming dukat to‘lab turishga rozi bo‘ldi.

Muhammadning Hukmdorligi. Muhammad fotihlikda ham, ma’mur sifatida ham buyuk edi. Konstantinopolni egallagach, u nasroniylar va yunonlarga shaharda qolishga ruxsat berdi, hatto yunonlarning qabila boshlig‘i Gennadiosni turk yerlaridagi barcha nasroniylarning din peshvosi sifatida qabul qildi, arman cherkovini ham e’tirof etdi. Yangi saroy hamda podshoh qullarini o‘qitish uchun maktab qurdirdi va yangicha o‘quv tartibini joriy etdi. Xorijiy yurtlarning elchilarini sultonga ro‘para bo‘lishlariga qadar qabul qilib turish uchun bosh vazirga o‘z saroyiga ega bo‘lish ixtiyori berildi. Bu saroy Bobi Ali (Katta darvoza), Ovrupoda esa «Grand geyt» yoki «Sublim porte» deb nom olgan. Kuch-quvvatga to‘lgan Muhammad ulug‘ niyatlar bilan yashardi. U, shuningdek, she’riyat va san’atga ixlos qo‘ygan madaniyatli kishi edi. Islom tadqiqotlariga zo‘r muxlis bo‘lgan Muhammad, ayniqsa, fors she’riyatini juda sevardi, yunon madaniyatiga qoyil qolardi. Bir kuni unga Ragusi shahridan yunon qo‘lyozmalarini hadya qilib keltirishgandi. U huquqshunoslikni yo‘lga qo‘ydi, maktab ochdirdi, masjidlar va kasalxonalar qurdirdi, g‘oyat ilg‘or dunyoqarashga ega bo‘lganligi uchun fanlar va bilim sohasiga homiylik qilib turar, fozilu fuzalolar bilan muloqotdan juda rohatlanar edi. U butun Ovrupoda ajoyib inson sifatida tanildi. Vene’iyalik rassom Bellini uning tasvirini aks ettirgan.

Salim I (1512-1520 yillar). Muhammad o‘rniga kelgan uning o‘g‘li Boyazid otasi kabi jangovarlik fazilatlariga ega bo‘lmasa-da, aqliy mehnatni va san’atni sevishda undan qolishmasdi. Uning sultonlik davrida vene’iyaliklar Qibrisda o‘zlariga qo‘rg‘on yaratib, shu yerdan turib turklar bilan olishmoqchi bo‘ldilar, biroq turk admirali Kamol Rais dengizdagi katta jangda ularni yengib chiqdi. Turk dengizi kuchlari Lepantoni, Modonni va Yunonistonning g‘arbiy sohilidagi Koronni zabt etdi. Umuman turk qo‘shinlari Vene’iyaning asosiy hududiga kirib, Vaysen’iyagacha yetib bordi. Turklar uchun juda muhim bo‘lgan shunday bir paytda Vene’iya sulh so‘radi. Boyazid saltanatining oxirgi yillarida o‘g‘illari unga qarshi qilich ko‘tarib chiqdilar. O‘zaro olishuvlarda katta shahzoda Salim g‘olib keldi. U o‘zining buyuk jangchi ekanligini ko‘rsatib, fors shohi Ismoilni yengdi, so‘ngra Shom tomon ot surdi. Shoh Ismoilning do‘sti bilan mamluk Sulton Konsoch al-G‘uriy unga katta qo‘shin bilan qarshi chiqdi. Shunga qaramasdan, 1516 yil 24 avgustda Marj Dabiqda Salim mamluklar ustidan g‘olib chiqdi. Konsoch jangda halok bo‘lib, Salim Halab va Damashqni istilo qildi. Yangi mamluk sultoni o‘zi ustidan Salimning hukmronligini tan olmaganligi oqibatida Salim 1517 yil 22 yanvarda Misrga bostirib borib, Qohirani egalladi. Burji mamluklar imperiyasi qo‘lga kiritilib, ularning so‘nggi sultoni Tumanbey qatl etildi. Qohiraga turklardan dodxoh-hokim tayinlanib, unga harbiy qismlar ajratib berildi. Biroq ichki ma’muriyat eski holicha qolgan edi. Makkai sharif taslim bo‘ldi. Shunday qilib, Salim bepoyon Sharqiy imperiya sohibi bo‘ldi. Biroq u qaytib kelayotib, yo‘lda qazo qildi. Bor-yo‘g‘i sakkiz yil hukm surgan bo‘lsa-da, o‘zini tanitishga ulgurganligi uchun ham uning o‘limi butun Ovrupoda shodu-xurramlik uyg‘otib, Papa Leo X hozirlayotgan salib yurishi ham kechiktirildi. Salim katta lashkarboshi hamda madaniyatli inson edi. U she’riyatni sevishi bilan birga o‘zi ham shoirlik qilardi. Salim Qohirada abbosiylarning ikkinchi avlodiga mansub so‘nggi xalifani asir olarkan, uni barcha vakolatlaridan mahrum etib, Konstantinopolga, ya’ni hozirgi Istanbulga olib keldi.

Sulaymon Muhtasham (1520-1566 yillar). Usmoniy sultonlarining eng buyugi – Salimning o‘g‘li valiahd Sulaymon bo‘ldi. U ko‘p jihatdan ulug‘ hukmdor, Venagacha yetib borib, uni ham qamal qilgan fotih edi. Shaharni ola bilmasa ham, unda o‘z hokimiyatini o‘rnata oldi. Davlat arbobi, hukmdor sifatida turk harbiy-dengiz kuchlarini ustuvorlik darajasiga yetkazib, ovrupodagi har qanday shahanshohning havasini keltiradigan ish qildi. Nasroniy davlatlarining barcha nayranglarini ketma-ket chippakka chiqarib, ularni yaxshilab adabini ham berdi. Fors bilan jang qilib, Iroqni bosib oldi. Saroyning shuhrati, kuch-qudrati va hashamati tufayli u tarixchilarga Sulaymon Muhtasham sifatida ma’lumdir. Sevimli xotini rus cho‘ri ayoli Rohilananing ta’siri uning yagona ojizligi edi. Malika Sulaymonga o‘g‘il hadya etgan bo‘lsa-da, uning katta o‘g‘li Mustafoni azobga qo‘ydi. U otasining o‘ziga nisbatan sovuq muomalasidan ezilardi.

Mohak Jangi (1526 yil). Sulaymon podshohligidagi birinchi voqea Misr istilosining nihoyasiga yetkazilishi bo‘ldi. U o‘z tasarrufiga olgan yangi davlat hukumatini qayta tashkil etib, turk dodxoh-hokimining nazoratini kuchaytirdi. Sulaymon qo‘lga kiritgan ikkinchi mamlakat Mojariston va Avstriyaga yurishlar tashkil qilib turdi. 1526 yili mojar qiroli Luis Sulaymonga qarshi katta qo‘shin tashladi. Turklar u bilan mashhur Mohak jangida to‘qnashib, yirik g‘alabaga erishdilar. Qirol Luis jangda halok bo‘ldi. Ular shimol tomon ilgarilab borib, Ofenni ham qaramog‘iga olib, orqaga qaytdilar. Chunki Mojaristonda, bir tomondan, Habsburg valiahdi Ferdinand bilan Avstriya hokimi, ikkinchi tomondan, mojarlarning dongdor rahnamosi Jon Zapolya o‘rtasida fuqarolar urushi kelib chiqqan edi.

Vena va Rodeziya qamali. Ikki yildan keyin Sulaymon Ofenni qayta zabt etib, Venaga hujumini davom ettirdi. 1529 yili sentyabrda bu mashhur shaharni qurshab olib, ikki oy davomida unga hujum qilib turdi. Biroq qish kirib, tez-tez yog‘ayotgan qor aralash yomg‘irlar turk qo‘shinlarining harakatlarini mushkullashtirib qo‘ydi. Og‘ir qurol-aslahalarni yetkazib keltirish qiyinlashdi. Shunday vaziyatda shahzoda Ferdinand o‘zi g‘arbiy Mojaristonning qiroli sifatida tan olingani taqdirda Sulaymonga tovon to‘lab turajakligini bildirdi. Sulaymon bunga ikki yildan keyin rozilik berarkan, Sharqiy Mojaristonga Zapolyani hokim qilib tayinladi. Ulug‘ Sulaymonga u har yili tovon to‘lab turardi. Sultonning tajovuzkorona siyosati Ovrupoda g‘ulg‘ula uyg‘otdi. U navbatdagi zarbani Rodeziya oroliga – turklarning savdo kemalariga hujum qilaverib Egey dengizini xavfli joyga aylantirgan avliyo Jon tashkiloti a’zolari qarorgohiga qaratdi. Uyushma qurolbardorlari jasurona jang qilganliklariga qaramasdan, turklar orolni qo‘lga kiritdilar. Ulug‘ Sulaymon mag‘lub qurolbardorlarga iltifot ko‘rsatib, ularga o‘z qurol-aslahalarini olganlari holda munosib ravishda chiqib ketishlariga ijozat berdi. Bunday oliyhimmatlik sultonga Ovrupoda katta hurmat keltirdi.

Admiral Xayriddin. Sulaymon endi harbiy dengiz kuchlariga ham e’tibor bera boshladi. Tunis ko‘rfazida xizmatda bo‘lgan mashhur dengiz qaroqchisi qizilsoqol Xayriddin Barbarossani o‘ziga admiral qilib tayinladi. Xayriddin allaqachon nasroniylarning savdo kemalari uchun dahshat bo‘lib tanilgandi. Bu yirik harbiy-dengiz darg‘asining jasorati misoli bir ertak edi. U shitob bilan suzib, belgilangan marraga chamadagi muddatdan ilgari yetib borardi. Islomning bu kurashchisiga dengizda qarshi turadigan raqib yo‘q edi. U Sulaymonning taklifini qabul qilib, darhol o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlashga kirishdi. O‘z janobi sharafiga Tunisni zabt etganligi uning birinchi yutug‘i bo‘ldi. Shundan keyin u italyan admirali Andrea Doreaga chap berib, Si’iliya va Janubiy Italiyaga qarshi hujumga o‘tdi. Vene’iya bunga javoban Papa yordamida turklar imperiyasiga urush e’lon qildi. Papa surunkali salib yurishlar g‘oyasidan voz kechgan holda musulmonlarga qarshi ittifoq tuzib, o‘zi ixtiro etgan uyg‘un harakatlarni «Nasroniy qirollarning yangi ittifoqi», «Muqaddas uyushma» deb atadi. Karl V, Habsburg imperatori va Vene’iya ham unga qo‘shildiki, bu Xayriddin uchun yaxshi bahona bo‘ldi. U vene’iyaliklarga hujum qilib, 1538 yilda Privensan jangida ularni tor-mor keltirganidan keyin Vene’iya sulh so‘rab, yirik soliq to‘ladi. Sulton Qizil dengizda harbiy kuchlarni barpo etgach, ko‘p o‘tmay, turklar Yaman va Adanni bosib oldilar, ularning suvdagi harbiy kuchlari esa Fors ko‘rfazi hamda Hindiston sohillari tomon yo‘l oldilar.

Yana Mojariston. 1540 yilda Zapolya vafot etdi. Shahzoda Ferdinand Sharqiy Mojaristonni istilo qilish maqsadida hujumni davom ettirayotgan Sulaymonga bergan va’dasiga vafo qilmadi. Bu esa unga qarshi chiqmoqchi ekanligini anglatardi. Shuni to‘g‘ri tushungan Sulaymon zudlik bilan javob choralarini ko‘rib, shimolga yo‘l olarkan, Mojaristonning poytaxti Budani istilo qildi. Zaprolya balog‘atga yetmagan o‘g‘lini o‘rniga qoldirgan edi. Sulaymon esa Sharqiy Mojariston ishlariga vakolatli qilib o‘z hokimini belgiladi. Raqibi kuchlarining juda katta ustunligini ko‘rgan shahzoda Ferdinand 1547 yilda sulh so‘radi. Hatto u imperator sifatida otasi o‘rnini egallaganida ham soliq to‘lab turdi. Kenja Jon Zapolya ulg‘ayganida unga Transilvaniyani berdilar. Mojaristonni Sulaymon o‘z ixtiyorida qoldirdi.

Sulaymonning Hukmdorligi. O‘ttiz olti yil davr surib, o‘z zamonasida eng kuchli shahanshohlardan biri sifatida tanilgan Sulaymon 1566 yilda vafot etdi. Fors bilan urushlari natijasida u sharqda forslar yurti sarhadlaridan Jazoirgacha, shimolda deyarli Venadan tortib janubdagi Adangacha bo‘lgan kenglikni o‘z ichiga olgan Mesopotamiyani imperiyasiga qo‘shib oldi. Xotini Rohilananing nayranglari sababli hayotining so‘nggi yillari ancha ko‘rimsiz o‘tdi. Lekin u usmoniylarni dunyoviy davlatga aylantira oldi. Murod, Salim I yoki Muhammad II darajasida bo‘lmasa ham, har holda u ajoyib harbiy tashkilotchi va omilkor rahbar edi. Umuman, belgilangan tadbirlarini muvaffaqiyatli amalga oshirdi. O‘z dushmanlariga nisbatan xatti-harakatlarida hech qachon qo‘pollik va shafqatsizlik qilmagan. O‘ziga dodxohlar tanlashda mohirona ish tutdi, qo‘shinlari va harbiy-dengiz kuchlarini takomillashtira bordi. U adolatli va qat’iy qarorlar qabul qilguvchi, hurfikrli kishi edi. Rag‘batga munosib odamlarga nisbatan hamdardlik va oliyjanoblik ko‘rsata olar, lekin zarur hollarda jazo choralari qo‘llashda ham g‘oyat qattiqqo‘llik qila bilardi. Dodxohmi yoki vazirligidan qat’iy nazar, kishilarning bilimsizligiga va mas’uliyatsizligiga toqat qilolmasdi, davlat xoinlariga shafqatsiz edi. Mardona jang qilgan zobitlar hamda jangchilarga yer berib, eng muhim lavozimlarga ko‘tarardi. Ulardan faqat harbiy harakatlar paytida sultonga madadkor bo‘lishni hamda imperiya uchun jang qilish lozimligini piyoda va otliq askarlarga singdiring, deb talab qilardi. Madaniyatli va yuksak ma’rifatli kishi bo‘lgan Sulaymon o‘z tadbirlarini kundaliklariga qayd qilib bordi. U ham san’at va hunarmandchilikning saxiy homiysi edi, masjidlar, madrasa, maktab, kasalxona, ko‘priklar va boshqa foydali inshootlar bunyod ettirdi. Turk huquqshunosligini isloh qilib, tarixda qonunshunos sifatida nom qoldirdi. Saltanatida mamlakat sokin bo‘lib turganligidan uni hamma yerda buyuk hukmron sifatida ko‘rishardi.

Salim II va Ovrupo Dunyosi. Sulaymon vafot qilishi bilan uning ikkala katta o‘g‘li Salim va Boyazid o‘rtasida kurash boshlanib, aka g‘olib chiqdi. Salim ichkilikni yaxshi ko‘rsa ham, madaniyatli hukmdor edi. Mashhur otasidan unga kuch-g‘ayrat, ziyolilik fazilatlari o‘tgan bo‘lsa-da, uningchalik me’yor tuyg‘usiga yoki davlat arbobiga xos fazilatlarga ega emasdi. Dunyo Salimning ajdodlari davridagiga qaraganda o‘zgarib ketib, katta voqealar yuz berayotgan edi. Shunday ikkita yirik voqea Ovrupoda sodir bo‘ldi: reforma’iya deb nomlangan diniy inqilob yuz berib, nasroniylar Papaning diniy hokimiyatiga qarshi isyon ko‘tarish bilan e’tiqod va ibodat erkinligi uchun kurashdilar. Ular roman katolik cherkovi bilan aloqalarini uzarkanlar, hamma yerda o‘z cherkovlarini bunyod etib, protestantlar deb atala boshladilar. XV asrning o‘sha davrida qadimiy ilmga va yangi uyg‘onib kelayotgan fanga qiziqish kuchaydiki, bu harakat rennesans yoki fanda uyg‘onish nomini oldi. Dastlab portugaliyaliklar tomonidan yangi Qutb ochildi, keyinroq ispanlar, ular ketidan esa inglizlar dunyoni kashf etish maqsadida butun yer kurrasi bo‘ylab izg‘idilar. Bularning hammasi ovrupoliklarning o‘zlariga ishonchini oshirib, dunyoqarashlarini kengaytirdi. Osiyo va Amerikada istilochilikni avj oldirgan ular qudratli harbiy-dengiz kuchlariga ham ega bo‘ldilar.

Lepanto jangi (1571 yil 7 oktyabr). Taxt uchun kurashda Salimga italyan qochog‘i, yahudiy millatiga mansub Jozef Nassi yordam berdi. Bundan minnatdor Salim Nassini graf qilib tayinlab, podshohlik maxfiy kengashi tarkibiga a’zo qilib kiritdi. O‘sha paytda turklar Ovrupodagi ikkita davlat – Habsburg imperatori va vene’iyaliklar bilan jang olib borishayotgan edilar. Imperator Avstriya, Mojariston, Ispaniya va Janubiy Italiyaga hukmronlik qilardi. Vene’iya O‘rtaer dengizi sharqidagi kuchli tijorat davlati, suvga yo‘li ochiq davlat edi. Salimning bosh vaziri donishmand Muhammad Soqolli Vene’iya bilan do‘stlashib, Habsburg imperatori Maksimilian ustiga yopirilishni sultonga maslahat berdi. Biroq Salim Nassi gapiga quloq solib, Vene’iyaga qarshi urush ochish yo‘lini tanladi. Vene’iya esa shu paytda Qibrisdan jangsiz voz kechishga rozi bo‘lib, urushga kirishmadi. Biroq Nassi Qibrisni egallab, u yerda yahudiylarni joylashtirishni juda xohlayotgan edi. Shu boisdan ham u sulton Vene’iyaga qarshi urush boshlanishini qattiq talab qilib turib oldi. Shu taklifga ko‘ra, Salim 1570 yili jang bilan Kiprni egalladi. Bunday vaziyat Vene’iyani Ispaniya bilan ittifoq tuzishga majbur qildi. Bu ikkala davlat Papa tashkil etgan yangi muqaddas uyushmaga a’zo bo‘lib kirishdi. Nasroniylar uyushmasi doirasida birlashgan harbiy-dengiz kuchlari juda katta qudratga aylanib, turklarga tegishli suvlar tomonga yo‘l oldilar. Ular turk dengiz kuchlari bilan Yunonistonning g‘arbiy sohilida, Korinf ko‘rfazida joylashgan Lepanto bandargohida to‘qnash keldilar. O‘ziga ortiqcha ishongan, saroyidagi mavqeiga shaxsiy fazilatlaridan ko‘ra zodagonlar ta’siri tufayli erishgan Ali Poshsho turklarning qo‘shilmalariga sarkardalik qilardi. Kemalarning boshliqlari unga o‘z joylaridan jilmagan holda nasroniylarning kuchlarini qarshi olishni maslahat berishdi. Lekin samimiy maslahatlarni qabul qilmaydigan o‘ta qaysar kishi bo‘lgan Ali Poshsho nasroniylar bilan duch kelgan joyda savashib, g‘alaba qila olishini bildirib, kemalariga ochiq dengizga chiqishni buyurdi. Nasroniylar qo‘shilmasida olg‘a borishda shamoldan yaxshi foydalana oladigan oltita azim qurilmaga ega bo‘lgan 208 ta kema mavjud edi. Juda katta jang bo‘ldi, nasroniylar ko‘pdan beri shunday shiddat bilan savashmagan edilar. Har ikkala tomon ham juda ko‘p qurbonlar berib, nasroniylar g‘olib chiqishdi, turklarning dengiz kuchlari tor-mor keltirildi. Faqat Jazoir beylarbeyiga tegishli bittagina eskadra qutulib qola bildi. Lepanto jangi buyuk g‘alaba sifatida olamga jar solindi, butun Ovrupo tantana qildi. Bu Ovrupo tarixida dengizdagi eng yirik savashlardan biri deb baholanib keldi.

Shundan keyingi voqealar. O‘ylashdiki, turk qudrati sindirilib, uning harbiy-dengiz kuchlari manguga yo‘q qilindi. Ovrupoliklar butun bir yil davomida ana shu quvonchli bir fikr bilan yashadilar. Biroq ularning turklar halokati munosabati bilan jo‘sh urgan shodliklari uzoqqa bormadi. Hukmdor sifatida u qadar g‘ayrati jo‘sh urmas Salim bu gal o‘ziga xos bo‘lmagan jadal safarbarlik ko‘rsatdi. U butun kuch-imkoniyatlarini yig‘ib, yangi admirali Dragut ixtiyoriga yubordi. Ilgari unga buyuk Xayriddin Poshsho noiblik qilgan edi. O‘zlari vayron qilgan dengiz kuchlaridan ham qudratliroq yangi kemalar qo‘shilmasini vujudga keltirish xususida amr berdi. Turk kemasozlari butun yil davomida kechayu kunduz mehnat qilib, Ali Poshshoning qaysarligi sababli nobud bo‘lganidan ham kattaroq dengiz kuchlarini barpo etdilar. Sulton Dragutni ana shu yangi harbiy qo‘shilmaga sarkarda qilib tayinlab, undan nasroniylarning bekorchi sandiraqlab yuruvchi birlashgan dengiz kuchlariga yetib olib, yakson qilishni buyurdi. Kishilar Don Jonni turk kema qo‘shilmalarini hech bo‘lmaganda Morea (Quyi Yunoniston)ni bosib olish niyatida ta’qib qilib bormaganlikda aybladilar. Lekin bu ayblov asossiz edi. Chunki to‘xtab qolishga ispanlar bilan vene’iyaliklar orasidagi raqobat, ularning siyosiy maqsadlari bir-biriga to‘g‘ri kelmasligi sabab bo‘lgan edi. Ispanlar Shimoliy Afriqoni, eng bo‘lmaganda turklarga bo‘lgan Jazoir va Tunisni egallashni xohlayotgan bo‘lsalar, vene’iyaliklar o‘zlariga Qibrisni qaytarib olishni ko‘ngillariga tukkan edilar. Bir yil o‘tgach, dahshat soluvchi Xayriddin Barbarossaning qo‘rqinchli noibi Drot turklarning ilgarigi dengiz kuchlaridan ancha ustun bo‘lgan o‘z kemalari qo‘shilmasini boshlab keldi. Admiralning o‘zi ham anoyilardan emasdi. Dengiz qo‘shinlarining bu yirik sarkardasi Don Jonni ayni Adriatika dengizida tor-mor keltirdi, ittifoqchilarning birlashgan kemalari esa jangdan qochib qoldilar. Dragut shundan keyin g‘arbga yo‘nalib, 1573 yilda Tunisni qaytarib oldi. Vene’iyaliklar o‘zlarining Qibrisni bosib olishlari to‘g‘risidagi orzulari qanday barbod bo‘layotganligini ko‘rib turardilar. Ular sulton bilan o‘zaro sulh tuzarkanlar, turklarning dengiz kuchlari har qachongidan qudratli ekanligini ishonch hosil qilib, Qibrisni zabt etishga qaratilgan barcha da’volaridan voz kechdilar va 300 ming dukat hajmida tovon to‘lashga rozi bo‘ldilar. Bu pullar yangi harbiy kemalar qo‘shilmasini jihozlashga sarflandi. Dragut endi O‘rtaer dengizida istaganicha suza olardi. U Ispaniya, Farangiston sohillarigacha kelardi. Sardiniya va Si’iliya uning har yili tashrif buyurib turadigan yerlari bo‘lib qoldi. Shunday qilib, u o‘g‘irlangan ko‘plab boylikka va qullarga ega bo‘ldi. Uning boshqa bir maqsadi hali ham turklarga tegishli bo‘lgan O‘rtaer dengizida hech kim sulton davlatiga qarshi bosh ko‘tarolmasligini namoyish qilishdan iborat edi. Ko‘p o‘tmay, Ovrupo mamlakatlari Lepanto yaqinidagi g‘alabalarini unutib yubordilar.

Bosh vazirlar. Muhammad Soqolli. U faqat davlat arbobi sifatidagi donishmandligi va imperiya ma’muriyatini mohirona boshqarishi bilangina qadrli bo‘lmasdan, imperiyaga yuz yil mobaynida boshchilik qilib, uning qudratini saqlab qolgan bosh vazirlar sulolasining to‘ng‘ichi sifatida ham hurmat-e’tiborga molikdir. Sultonlar tobora kuchdan tolib boraverdilar, ularning zaifliklari goh qaysarlik, gohida bema’nilarcha serg‘ayratlik, ko‘pincha qat’iyatsizlik shaklida namoyon bo‘lib turardi. O‘sha davrdagi turk sultonlari tomirida Usmonning qoni jo‘sh urardi. Ularning onalari yoki malikalar asosan cho‘rilar yoxud davlat ishlariga aralasha boshlagan xotinlar edilar. Sultonlar ko‘ngillariga kelgan ishni qilishib, aysh-ishratda yashay boshlashdi. Istilochilik ham to‘xtatildi. Chunki Ovrupo butunlay uyg‘ongan, yangi ixtirolar tufayli Ovrupo qurol-aslahalari turklarnikiga qaraganda tobora takomillashib va yaxshilanib borayotgan edi. Shu boisdan sultonlar o‘z davlatlarining tashvishlarini ko‘proq bosh vazirlariga ishonadigan bo‘lib qoldilar. Muhammad Soqolli ana shunday vazirlardan edi. Imperiya baxtiga u fikrlovchi, Islom shuhrati uchun kurashuvchi iste’dodli inson bo‘lib chiqdi. O‘rtaer dengizi bilan Qizil dengizni qo‘shish uchun Suvaysh kanalini qazish g‘oyasini Ovrupoda birinchi bo‘lib ko‘targan ham shu Muhammad edi. U shimolda Rusiyadagi Don va Idel daryolarini ham shu usulda birlashtirishni taklif qildi. Osonlikcha boshqariladigan kichik kemalardan kuchlar vujudga keltirib, ular bilan Kaspiy dengizi orqali Turkiyaning doimiy raqibi Forsga shimoldan hujum qilishni ko‘ngliga tugib qo‘ydi. Shu davrga kelib turklar imperiyasi buyuk davlatga aylangan, Qora dengiz, O‘rtaer, Qizil va Arab dengizlarining harbiy kuchlari to‘liq ular nazoratiga o‘tgan edi. Muhammad Soqolli imperiyani samarali boshqarib, yana ham boy-badavlat mamlakatga aylantirish maqsadida aloqa vositalarini yaxshilashga katta kuch-g‘ayrat sarfladi. U barcha niyatlariga yetganligi tufayli Salim II podshohligi turk imperiyasining barq urib yashnagan davriga to‘g‘ri keldi. Shunga qaramasdan, 1574 yili yakun topgan bu podshohlik usmoniylar shuhrat taratgan davrning so‘nggi pallasi o‘laroq turklar tarixida burilish nuqtasi bo‘ldi. Salim vafotidan keyingi yuz yillikda ham o‘z kuchlarini saqlab qolgan sultonlar tobora zaiflashib, ichki parokandalikka va tashqi dushmanlarga ham duch keldilarki, ularni yengishlari endi ancha mushkul edi. XVII asrda unchalik sezilmagan bu jarayon XVIII asrda jadallashib ketdi.

Imperiyaning tashkiliy tuzilishi. Sulton davlatning tom ma’nodagi boshlig‘i edi. U hukumat rahbari, qo‘shinlarning bosh sarkardasi, ma’naviy rahnamo, ya’ni shariat masalalari hakami va oliy qozi hisoblanardi. Keyinchalik sultonlar faqat imperiyasinigina emas, balki barcha musulmonlarning diniy muammolarini hal qiluvchi xalifalarga ham aylandilar. Turklar tanazzulga uchrab, sultonlar shoshilinch yordamga muhtojlik sezgan davrlarda bu ularga juda katta imtiyoz va ruhiy madad berib turdi. Biz yuqorida qarab chiqqan yuz yilliklar mobaynida sulton hokimi mutlaq bo‘lib, uning so‘zi qonun hisoblanardi. U taniqli shaxslar va oddiy fuqaro taqdirini hal qila olardi, ilgarigi ‘ezarlarda bo‘lgani kabi turklar tasarrufidagi hamma yerlar unga qaram edi. Bitta farq shunda ediki, sulton hamisha insonligicha qolib, hech qachon ‘ezarchalik birorta imtiyozga da’vogarlik qilmadi. Undan keyin turadigan bosh vazirlarga ham katta huquqlar berilgandi. Vazirlar muayyan idoralarga boshchilik qilishardi, lekin beylarbey lavozimi vazirlikdan ustun turib, u butun mintaqaga harbiy sarkarda hisoblanardi. Bunday mintaqalar esa ikkita edi: Rumeli va Onodo‘li (Ovrupo va Kichik Osiyo). Har ikkala mintaqa beylarbeylari juda nufuzli davlat arboblari edilar. Ulardan keyingi safda Rumeli va Onodo‘li moliya ma’murlari turishardi. Hukumatning boshqa bir a’zosi – jonnisorlar og‘asi dengiz beylarbeyi sanalardi. Bosh vazir barcha vazirlarni maslahatga yig‘ib, so‘ngra sultonga imperiyadagi ahvoldan hisobot berar, davlat rahbari shunga qarab biror qarorga kelar edi. Vazirlar mahkamasi qandaydir juda muhim qaror chiqarish uchun sultonning ijozatini olishi shart hisoblanardi.

Ma’muriy idora. Ikkita kichik qirollik boshida ham beylarbey turardi. Anchadan keyin Afriqo beylarbeyi vazifasi ham joriy etildi, biroq u yuqoridagi ikki beylarbeyga nisbatan tobelik mavqeida edi. Kichik qirollikdan pastroq pog‘ona sanjaqlarga tegishli bo‘lib, oddiy tilda chekka viloyat deb atalmish bu ma’muriy birlik rahbari harbiychasiga sarkarda deb yuritilardi. Beylarbeyi huquqi berilgan sarkarda rahnamoligida beylar sanjoqlarni boshqarib turishardi. Sultonlar harbiy xizmat evaziga yer hadya etishardi. Bunday mukofotlar tobora ko‘payib borganligi natijasida vaqti kelib butun bir toifa vujudga keldi. Tortiq qilingan ana shunday juda katta yerlarning egalari sulton qo‘shinlarida xizmat qilish uchun suvoriylar yetkazib berishlari lozim edi. Shu jihatdan ham harbiy xizmat eng faxrli kasb sanalib, jangda ko‘rsatilgan jasorat saxiylik bilan rag‘batlantirilar edi. Sulaymon Muhtasham o‘zining «Qonunnoma» kitobida yerlarni in’om etishga, yerlar evaziga beriladigan to‘lovlarga va turk bayonlarining bu sohadagi haddan ziyoda vakolatlarini chegaralashga doir qonun-qoidalar yozib qoldirgan. Musulmon qonunlari asosida ish ko‘ruvchi hamda ularni sharhlab beruvchi qozilar va muftiylar ham bor edi. Garchi qozi o‘z sohasida yuksak mavqega ega bo‘lsa-da, viloyatlarda oliy hokimiyat harbiy boshliqlar, keyinchalik hokimlar qo‘lidan tushmadi. Poytaxtda katta imomlar yoki shahar qozisi bo‘lib, ular faqat bosh vazirga, u orqali sultonga itoat qilardi.

Adabiyot. Uzoq davr forsiy ohanglar, timsollar va ifodalar ta’sirida bo‘lib kelganligi sababli turk adabiyoti yangilik bobida ancha kechikdi. Mavlono Rumiyning forscha yozilgan buyuk masnaviysi o‘sha paytdagi Rum saljuqlari, bevosita turklar salaflarining eng yirik dostonidir. Payg‘ambar alayhissalom tavallud topgan kunga bag‘ishlab Sulton Chalabiy bitgan «Mavludi Sharif» asari har tomonlama salmoqli turk dostoni hisoblanardi. Dastlabki milliy yozuvchilarning paydo bo‘lganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar Muhammad Fotih davriga taalluqli bo‘lsa ham, Murod II adabiyotga ixlos qo‘ygan birinchi sulton bo‘ldi. U shoirlar, faylasuflar va olimlarni o‘z atrofiga to‘pladi. Ilk davr shoirlaridan to‘rt kishining ism-shariflarini eslatib o‘tish e’tiborga molikdir: Fuzuliy (1562 yilda vafot etgan), Boqiy (1600 yilda vafot etgan), Nafiy (1635 yilda vafot etgan), Nodim (1732 yilda vafot etgan). Bu shoirlar asrlar bo‘yi ardoqlanib kelingan g‘azal, qasida va masnaviy singari she’riy usullarga murojaat qilganlar. G‘azal – bu ishqiy, falsafiy yoki ilohiy mavzuga bag‘ishlanib yozilgan to‘qqiz baytdan o‘n besh baytgacha bo‘lgan dostondir. Qasida esa biror yirik shaxs, shoh yoki fotih sha’niga madhiyadan iborat. Masnaviy ishq-muhabbat yoki ilohiy mavzudan hikoya qiladi. Admiral Piri Riesning «Sayohatnoma»si birinchi nasriy asar sanaladi. Bu kitobda O‘rtaer dengizi atrofidagi mamlakatlar va boshqa davlatlarga ularning harbiy-dengiz yurishlari orqali ta’rif-tavsif beriladi. Buyuk turklar inqiroziga yaqin qolgan bir davrda turk adabiyoti o‘z rivojlanishida yuksak darajaga ko‘tarilgan edi. Manba → Islom.Uz

Share This Article

anvar

WP Sweep

Balki sizni qiziqtirar...