Samarqand - Amir Temur maqbarasi
Samarqand shahridagi Amir Temur maqbarasi (Go’ri Amir) Markaziy Osiyo me’morchiligining noyob asari sifatida e’tirof etilgan. Maqbara qurilishi buyuk Soxibqiron Amir Temur tomonidan 1404 yilda boshlanib, Mirzo Ulug’bek davrida tugallangan.
Amir Temur maqbarasi Samarqand shahrining janubiy-g’arbiy qismida joylashgan bo’lib, XIV asr oxirida Amir Temurning nabirasi Muhammad Sulton tomonidan qurilgan madrasa yonida tiklangan.
Muhammad Sulton 1403 yilda Kichik Osiyoga bo’lgan xarbiy yurish vaqtida to’satdan kasallikdan vafot etgan. Shahzodaning jasadi Samarqandga olib kelinib, ansamblning janub tomonidagi ayvoni orqasidagi dahmaga dafn qilinadi. So’ng Amir Temur shahzodaga atab maqbara qurish haqida farmon beradi. Shundan keyin dahma ustiga sakkizyoqli bino quriladi.
Amir Temur vafotidan keyin Shohruh Mirzo Hirotni poytaxtga qilib, o’g’li Mirzo Ulug’bekni esa Samarqandga hokim etib tayinlaydi.
Mirzo Ulug’bek buyuk bobosiga hurmat yuzasidan ushbu sakkiz qirralik maqbarani temuriylar avlodi dafn qilinadigan maqbaraga aylantiradi.
Maqbara bitgach, Amir Temurning ma’naviy ustozi Mirsayid Barakaning jasadi shu maqbaraga ko’chiriladi va Sohibqironning bosh tomoniga dafn etiladi. Ba’zi rivoyatlarga qaraganda, Amir Temur pirining oyoq tomoniga dafn qilinishini vasiyat qilgan. Maqbaraga Mironshoh Mirzo, Shohruh Mirzo, Shayx Sayyid Umar, Mirzo Ulug’bek va Ulug’bekning go’dakligida vafot etgan ikki farzandi – Abdulla va Abdurahmonlar ham dafn qilingan.
Ulug’bek tomonidan binoning ichi yangidan bezatildi, maqbara sahniga daxmalar qo’yilib, atrofiga nafis marmar toshdan panjara qilindi. Maqbaraga 1424 yildan boshlab, sharq tomoniga taqab qurilgan ko’p gumbazli galereya orqali kiriladi.
Maqbaraning g’arb va janub tomonlari yondosh qilib qurila boshlagan, lekin bitmay qolgan ulkan imoratlarning tiklanishi Mirzo Ulug’bek hukmronligining so’nggi yillariga to’g’ri keladi.
Muhammad Sulton majmuasidan faqat peshtoqigina saqlangan. Bu peshtoq mohirlik bilan ishlangan bo’lib, koshinlar bilan devor fonida yaqqol ko’rinib turadi. Koshinlar orasiga binoni qurgan usta – Muhammad binni Mahmud Isfahoniyning nomi va «Dini jannat dili poklarnikidir», deb jimjimador qilib hadis yozib qo’yilgan. Devorlar bezagida girih deb ataluvchi geometrik shakllarga asoslanib, nafis qilib ishlangan kompozitsiya asosiy o’rinni egallaydi. Gumbazda jez, lojuvard va tilla suvlari ishlatilgan.
Rossiya imperiyasi istilosi yillarida maqbara darvozalari o’g’irlab ketilgan. Sohibqiron Amir Temur maqbarasining darvozalaridan biri Londonda, yana biri Ermitajda saqlanmoqda. Sohibqiron Amir Temurga tegishli bo’lgan uzuk esa Amerikadagi «Metropoliten» (Nyu-York) muzeyida saqlanmoqda.
Hovlining sharq tomonidagi devor ortida Muhammad Sulton madrasasining qoldiqlari ko’rinib turadi. Chorsu hovlisining atrofiga ikki qavatli hujralar qurilgan.
Madrasaning burchaklarida gumbazli darsxonalar bo’lgan. Maqbara devorlariga zangori, havo rang va oq sirli koshinlar qoplangan, bu koshinlar geometrik shaklda terilib, arabcha xat bitilgan.
Gumbaz ostki qismining aylanasi diametri 15 m aylana balandligi 12,5 m. Maqbara hilxonasidan gumbaz uchigacha 36 metrni tashkil etadi. Gumbazda havo rang ko’proq ishlatilgani uchun bu rang gumbazning egri chiziqli qobirg’alarida tovlanib, quyoshda yaraqlab, guyo osmonga qadalib turadi. Gumbazning usti sirli koshinlar bilan qoplangan. Muqarnaslarida ham shunday koshinlardan hajmi bir-biriga mos qilib ishlangan chiroyli naqshlar bor.
Maqbaraning tashqi gumbazi – yodgorlikning tashqi qiyofasi yanada salobatli va maqbara ichkarisi mo”tadil iqlimli bo’lishini ta’minlash maqsadida uning ustiga ikkinchi gumbaz o’rnatilgan.
Inshootning qanchalik katta bo’lganligini uning g’arb tomonida bitmay qolgan majmuaga qarab aniqlash mumkin. Katta zalga qo’yilgan to’rtta ravog’dan bittasi saqlanib qolgan. Eni 10 metrlik ravoqning ikki tomonidan yo’lak o’tgan. Yo’lakning shimol tomonidan qo’sh gumbazli ikki qavatli binoga, janub tomondan esa galereyaga kiriladi. Amir Temur maqbarasiga shu galereyadan o’tiladi.
Hovli atrofini o’rab turgan devorlar ikki qavatli bezakli ravoqlarga bo’lingan. Hovlining tashqi burchaklarida to’rtta minora bo’lgan. Yuqoriga ko’tarilgan sari ingichkalashib borgan minora sharafa bilan bezatilgan.
Koshinlar har bir qatoriga bir xil miqdorda koshin plitalar terilgan. Ular orasidagi choklar yuqoriga ko’tarilgan sari torayib boradi va tepasiga etib tutashadi.
Mirzo Ulug’bek davrida maqbaraga kirish uchun qurilgan eshikning yoni va tepalari nafis bezatilgan. Ilgari eshik tepasida: «Bu shavkatli Amir Temurning qabri …» deb yozilgan koshinli lavha bo’lgan. Bu plita hozir Sankt-Peterburgdagi Davlat ermitajida saqlanadi. Maqbara g’oyatda nafis bezatilgan. Devorning pastki qismida ko’kimtir shaffof oniks toshidan ishlangan izora bor. Oniksning choklari ko’kimtir toshlar terib bezatilgan.
Maqbaraga rangdor oynalar solingan panjarali darchadan yorug’lik tushadi.
Maqbaraning o’rtasiga joylashgan sag’analar ustida temuriylarga bag’ishlangan yozuvli toshlar bor. Amir Temur qabri ustiga to’q yashil rangli nefrit tosh qo’yilgan.
1740 yilda Eron shohi Nodirshoh Buxoro xonligini zabt etganda Amir Temur qabri ustidagi toshni Mashhadga olib ketgan va ko’p o’tmay yana qaytadan joyiga keltirib qo’ydirgan.
Maqbaraning sharq tomonidagi ravoqda pastga tushadigan zina bor. Bu zinadan maqbaraning ostki qavatidagi dahmaga tushiladi.
Ostki qavatdagi binoning shipi o’n ikki qirrali gumbaz qilib qiya ishlangan, ichki bezaklari juda sodda. Temuriylarga qo’yilgan sag’analar yuqori qavatda qanday tartibda bo’lsa, bu erda ham shu tartibda. Har qaysi qabr usti marmartosh bilan qoplangan.
1994-1996 yillarda maqbarada katta hajmdagi ta’mirlash va tiklash ishlari amalga oshirildi.
1941 yil 16-24 iyun kunlari Amir Temur va Bibixonim hilxonasidagi qabrlar ochilgan.
Қабрларнинг очилиш тафсилотлари
Temuriylar xilxonasini o’rganish uchun tashkil etilgan hukumat ekspeditsiyasi 1941 yilning 15 iyunida Samarqandga etib keldi. O’sha kuni kechqurun ekspeditsiya a’zolarining yig’ilishi bo’ldi. Unda vazifalar va belgilab olindi. Halkaltarosh skulptor-antropolog M.M. Gerasimov tarixiy shaxslarning bosh chanoqlari asosida o’zi yaratgan qiyofalar haqida ma’lumot berdi va suratlar majmuasini namoyish qildi.
1941 yil 16 iyunda ekspeditsiya a’zolari ertalab Amir Temur maqbarasida yig’ildilar. Shu paytda qabrlarni qaysi tartibda ochish haqida bahs boshlandi.
M.M.Gerasimov qabrlarni bir boshdan, ya’ni eng chekkadagi Mir Sayyid Umar qabrini ochishdan boshlashni taklif qildi. Arxeolog V.A. Shishkin esa Mir Sayyid Umar va Mir Sayyid Barakalarning qabrlariga tegmaslikni taklif qildi. O’z fikrini hukumat ekspeditsiyasi asosan Temur va temuriylar qabrlarini o’rganish uchun tuzilganligini, xilxonadagi barcha qabrlarni ochishga vaqt etishmasligini va boshqa sabablar bilan dalilladi. Boshqalar uning fikriga qo’shildilar. Shunday qilib, jahon tarixida chuqur iz qoldirib ketgan Temur va temuriylarning dahmalarini ochish boshlandi.
Mironshoh qabrining ochilishi
Mironshoh Amir Temurning uchinchi o’g’li bo’lib, u 1366 yili tavallud topgan. O’z davrining mavjud ta’lim-tarbiyasini puxta egallagan Mironshoh otasidan jasurlikni va qattiqqo’llikni meros qilib olgandi. Mironshoh 14 yoshida Xuroson hokimi qilib tayinlangach, bu borada katta tajribaga ega bo’ldi. Oradan olti yil o’tgach, Amir Temur uni maxsus farmon bilan “Rumdan to Hamadongacha, Bag’doddan to Darbandgacha” bo’lgan o’lkalarning noibi qilib tayinladi. Uning qo’l ostiga Armaniston, Gurjiston, Ozarboyjon, Kurdiston, Iroq va G’arbiy Eron kabi o’lkalar kirardi. Mironshoh otasining buyrug’i bilan bir qancha harbiy yurishlarda ishtirok etdi va lashkarboshilik qobiliyatini namoyish qildi.
Amir Temur vafotidan so’ng 1405 yilning bahorida Mironshoh o’g’li Abu Bakr bilan ittifoq tuzib, toju taxt uchun kurash boshladi. Toju taxt borasida ham omadi yurishmadi va hayoti ayanchli fojea bilan tugadi. 1408 yilning bahorida Mironshoh qo’shinini turkmanlarning Qora qo’yunli urug’idan chiqqan Qora Yusuf va Sulton Ahmadlarning birlashgan lashkari janubiy Ozarboyjonda tor-mor etdi. Jang paytida Mironshoh lashkarlari orasida edi. U shiddat bilan jang qilib, oxiri qattiq yaralandi va otdan yiqilib tushdi.
Mironshohni yaralagan navkar uning egnidagi shohona liboslarni va qimmatbaho qurol-yaroqlarni tezroq qo’lga kiritish uchun boshini kesib, murdani yalang’ochlaydi. Liboslari va qurollarini o’ziga olib, Mironshohning boshini Qora Yusufning huzuriga eltadi. Navkar jahongir Amir Temurning uchinchi o’g’li, bir paytlar yirik o’lkalarning hukmdori bo’lgan Mironshohni o’ldirganligini bilmas edi. Manbalarda yozilishicha, navkarning bu ishidan qattiq g’azablangan Qora Yusuf uning o’zini ham o’ldirishga buyruq bergan. Bu fojea yuz bergan paytda Mironshoh bor-yo’g’i 41 yoshda edi. Tarixchilarning guvohlik berishlaricha, Qora Yusuf yuz bergan voqeadan afsuslanib, kechirim so’rab, uning jasadini Samarqandga jo’natgan. Arxeolog V.A.Shishkin o’ziga ma’lum bo’lgan tarixiy manbalarga tayangan holda Mironshohning jasadi Tabrizdan Shamsi G’uriy ismli darvesh hamrohligida Keshga, so’ng Samarqandga keltirilib, dafn etilgan deb yozadi. M.M. Gerasimov esa Mironshohning jasadi Tabrizdan to’g’ri Samarqandga keltirilib, dafn etilgan deb xulosalaydi. Ammo har ikkalasi ham Mironshohning Tabrizda jang paytida halok bo’lganligi va uning jasadi uzoq yo’ldan keltirilib, temuriylar xilxonasida dafn etilganligini ta’kidlagan.
M.Ye.Masson va A.Yu. Yakubovskiylar bu erda Mironshohning jasadi borligiga shubha bilan qaraydilar. Ular o’z fikrlarini quyidagicha dalillashadi:
- Mironshoh jang paytida halok bo’lgan, boshi tanasidan judo qilingan. Uni Samarqandga eltish masalasi paydo bo’lganida, jasadini adashtirib qo’ygan bo’lishi mumkinligi.
- Mironshohning qabri ustida boshqa temuriylarnikiga o’xshash yozuvning yo’qligi.
- Bu erda topilgan jasadning barcha qismlari o’z o’rnida ekanligi, uning uzoq yo’ldan olib kelinganligi oqibatida paydo bo’ladigan suyaklarning titilishi yuz bermaganligi.
M.M.Gerasimov bu fikrlarga qo’shilmaydi va olib borilgan tinimsiz antropologik tadqiqotlar natijasida yuqoridagi olimlarning shubhalari noo’rin ekanligini isbotlashga harakat qiladi.
M.M.Gerasimov Mironshohning suyaklarini diqqat bilan o’rganib chiqib, u qayta dafn etilganligi shundoq ko’rinib turganini aniqladi. Uning boshi, qo’l va oyoq panjalari anchayin tartibsizroq joylashtirilgan. Shunday qilib, Mironshohning jasadi, M.M.Gerasimovning aniqlashicha, Tabrizdan Samarqandga jo’natilishidan avval yaxshilab mumiyolangan va teridan tikilgan qopga solingan. Boshi esa alohida o’ralgan. Uzoq va mashaqqatli yo’l tufayli deyarli barcha panja suyaklari sinib ketgan. Dafn paytida singan suyaklar bir-biriga tutashtirib qo’yilgan.
Mironshohning qabri cho’zinchoq bo’lib, uzunligi 166 sm, eni 54 sm, balandligi 16 sm dir. Qabrning devorlari to’rtburchakli pishgan g’ishtlardan terilgan. Lahad erdan qazilgan bo’lib, tagi va chekkalari ganch bilan mustahkamlangan. Jasad lahadning tubida joylashgan.
U tobutsiz dafn etilgan. Jasadning chap biqini sal ko’tarilib, tagiga tuproq qo’yilgan. Lahadga suv kirganligi uchun jasad ancha ziyon ko’rgan. Qabr ochilgach, antropologlarning zudlik bilan ko’rgan choralari tufayli suyaklar saqlanib qolindi. Ayniqsa, bosh chanog’ini ehtiyotkorlik va chidam bilan ta’mirlashga kirishildi. Mironshohning bosh chanog’ini o’rganishdan shu narsa ma’lum bo’ldiki, uning ba’zi tishlari yo’qolgan. Antropologlarning fikricha, tishlar Mironshohning o’limidan so’ng yo’qolgan. M.Gerasimov Mironshohning bosh chanog’ini diqqat bilan tekshirib, tarixiy manbalarda yozilganidek, haqiqatdan ham uning boshi o’tkir tig’ bilan kesilganligini aniqladi. M.Gerasimovning fikricha, Mironshohning bosh chanog’ining pastki qismidagi izlar nayzaning tig’idan qolgan izlardir. Bu holatlar Mironshoh to’g’risidagi tarixiy ma’lumotlarni yana bir karra tasdiqlaydi va ushbu ochilgan qabrda haqiqatdan ham Mironshoh dafn etilganligini ko’rsatadi. M.Gerasimov quyidagi xulosalarga kelgan:
- Mironshohning qabri deb ochilgan joydan topilgan jasad haqiqatdan ham qayta dafn etilgan.
- Topilgan bosh chanog’i tanasidan o’tkir tig’ bilan judo qilinib, so’ngra rombsimon uchli nayzaga o’tqazilgan.
- Suyakdagi barcha o’zgarishlar va belgilar temuriylarga xos, nasldan naslga o’tuvchi o’zgarishlarni o’zida saqlagan.
- Mironshoh va Shohruh aka-uka bo’lishib, ular bir onadan tug’ilgan.
Shohruh Mirzo qabrining ochilishi
17 iyun kuni Mironshohning qabrini ochish davom ettirildi. Uning jasadi batamom tozalab bo’lingach, Shohruh Mirzoning qabri ustidan og’ir tosh taxta maxsus asboblar yordamida ko’tarilib, Mir Sayyid Umarning qabri yaqiniga eltib qo’yildi.
Amir Temurning kichik o’g’li 73 yil umr ko’rgan Shohruh otasining o’ng tomoniga qo’yilgan. Qabrning usti temuriylar sulolasiga xos ravishda yozuvlar bitilgan kulrang marmar taxta bilan yopilgan. Bu taxta marmar taxtalardan yasalgan g’ilofning qopqog’idir.
Shohruhning jasadi g’ilofning tubiga, chap elkasi sal ko’tarilgan holda qo’yilgan. Yelkasi tagida esa ozgina soz tuproq ham saqlangan. Jasad bir paytlar ikki xil kafanga o’ralganligi ma’lum bo’ldi. Birinchi kafan qora-ko’kish rangda bo’lib, juda nafis, ikkinchi mato esa ancha dag’al yigirilgan jundan to’qilgan. Shohruh suyaklarining ba’zi joylarida qachonlardir mumiyolangan muskullarning qoldiqlari uchraydi. Shohruhning jasadini Hirotdan Samarqandga ko’chirib kelishdan avval maxsus mumiyolangan a’zolar chirib ketgan va natijada suyaklar yalang’och holda qolgan. Shohruh Mirzoning boshi va chap elkasi tagiga toza tuproqdan yostiqcha qilib sal ko’tarilib, boshi o’ng yoniga burilib, yuzi qiblaga qaratilgan. Uning bosh tomonida yog’ochdan yasalgan qalamdon qo’yilgan. Qalamdon ichida bir necha yuzlab silliq toshchalar saqlangan.
Shohruh Mirzoning jasadi qabrdan chiqarib olingach, Samarqand davlat universitetiga olib kelindi. Suyaklar kimyoviy usullar bilan tozalangach, antropolog L.V.Oshanin tomonidan o’rganib chiqildi. Olimning fikricha, Shohruh 70 yoshlarga etganida barcha tishlari to’kilib ketgan. Antropolog M.Gerasimovning aniqlashicha, Amir Temur 70 yoshida xuddi 50 yoshli kishi kabi g’ayratli va baquvvat bo’lgan. Shohruh esa bu yoshda batamom qarib bo’lgan. Uning bo’yi 157 sm bo’lgan. Antropologlarning aniqlashicha, Shohruh bosh chanog’ining ko’rinishiovro’pocha ko’rinishga ega. Bu qiyofa antropologiya fanida Farg’ona-Pomircha ko’rinish deb atalib, u turonliklarga xosdir.
Shohruhning qabri ochilgan paytida jasad mumiyolanganligi ma’lum bo’ldi.
Mirzo Ulug’bek qabrining ochilishi
18 iyunda Mirzo Ulug’bek qabrini ochildi. Buyuk munajjimning jasadini joylashtirish uchun yaxlit kulrang marmartosh o’yib olingan. Tubiga esa to’rtta marmar taxta yotqizilgan. Qabrning ichi 210 sm, eni 68 sm, chuqurligi esa 61 sm. Qabrning og’zi qalin marmar taxta bilan berkitilgan bo’lib, uning sirtida yozuv mavjud. Ushbu yozuvda Ulug’bek to’g’risida ma’lumotlar va o’z o’g’li tomonidan o’ldirilganligi haqida xabar bor. Ulug’bek qabrining qopqog’i otasi Shohruh qabrining qopqog’iga juda o’xshash va yozuvlarning bitilish usullari ham bir xil. M.Masson ikkala toshni ham bir usta yasagan degan xulosaga kelgan.
Qabr ichida Ulug’bek jasadining qoldiqlari quyidagicha joylashgan: jasad chalqancha qilib, chap elkasining tagiga ozgina tuproq o’yib ko’tarilgan. Bosh tomonida qizil gazlamadan tikilgan xaltachaga tuproq solib qo’yilgan. Uning boshi tanasidan nariroqda, yuzi erga qaratilgan holda qo’yilgan bo’lib, bosh chanog’i bilan birga uchta bo’yin umurtqasi qo’yilgan. Uchinchi umurtqada o’tkir tig’ning izi yaqqol ko’rinadi. Qo’l va oyoq barmoqlari tartibsizroq, boshqa suyaklari esa aslicha joylashgan. Ko’pchilik suyaklar bir necha qavat gazlama bilan o’ralgan. Gazlama qabrning tubida – jasadning bosh va oyoq tomonlarida saqlanib qolgan. Bu gazlamalardan kafan sifatida foydalanilgan. Kafanlarning tagida nafis gazlamadan to’qilgan cholvorning qoldig’i va uning tepa qismida esa belbog’simon tasmaning qoldig’i saqlangan. Jasad bilan birga Ulug’bekning tizzalarigacha etadigan ko’ylagining qoldiqlari ham mavjud.
Ulug’bek jasadining yotishi, uni dafn qilingandan so’ng boshqa bezovta qilinmaganligidan darak berib turibdi. Suyaklar anchayin yaxshi saqlangan bo’lib, faqat chap qo’lining bilak qismi tuzlar emirishi oqibatida saqlanmagan. M.Gerasimov o’ldirilgan Ulug’bek bosh chanog’ini diqqat bilan o’rganib chiqib, qilich tig’ining izi uning pastki jag’ida ham qolganligini aniqladi. Uning fikricha, zarb nihoyatda kuchli bo’lib, Ulug’bek tizzalangan holatda bo’lgan va qotil u bilan yuzma-yuz turib, o’ngdan chap tomonga qarab qilich solgan. Umurtqada qolgan izlarga qaraganda, qilich juda o’tkir va qotil bu borada katta tajribaga ega bo’lgan.
Amir Temur qabrining ochilishi
Ekspeditsiya a’zolari oldida turgan navbatdagi vazifa jahongir Amir Temurning qabrini ochish edi. Sohibqironning qabrini ochish ko’plarda katta hayajon va qiziqish uyg’otdi. Xalq o’rtasida jahongirning vafoti haqida ko’plab rivoyatlar yurar edi.
19 iyun, payshanba kuni Sohibqiron Amir Temurning qabrini ochishga kirishildi. Jahongirning qabri o’g’illarining qabridan ancha farq qilib, o’z salobati va ulug’vorligi bilan ajralib turadi. Uning qabri 20 santimetr qalinlikdagi og’ir marmartosh bilan bekitilgan bo’lib, toshning uzunligi 245 sm, eni 90 santimetrdir. Bu qabrtoshga boshqa, ikkinchi yupqa qilib tarashlangan va yozuv bitilgan oniks (aqiq) toshi yopishtirilgan. Ushbu toshning tagida 10 sm qalinlikda ganch qatlam bo’lib, bu qatlamning tagiga lahadning og’zini yopib turgan beshta qalin tosh taxta yotqizilgan. Qabrning lahadi tarashlangan tosh taxtalardan yasalgan bo’lib, uzunligi 3 m, eni va chuqurligi 1 metrdandir 20 iyun kuni qabr ochish ishlari davom ettirildi.
Tobutning ustiga qoramtir ko’kish rangli gazlama yopilgan edi. Tobutning rangi qoramtir, yog’ochlari baquvvat, silliqlangan taxtalardan yasalgan bo’lib, alohida qopqog’i ham bor edi. Tobutning to’rt burchagida to’rtta oyoqchasi bo’lib, uni zax erga tegib turishidan asragan. Tobutni yasagan ustalar uni mustahkamlash uchun to’rt burchakli temir mixlardan foydalanishgan. Mutaxassislar tobut va uning qopqog’i archa daraxtidan yasalganligini aniqladilar. Shuning uchun ham oradan shuncha yillar o’tganligiga qaramay, u yaxshi saqlangan.
Tobutning qopqog’i ustida ikki qismdan iborat bo’lgan gazlama parchalari, gazlamaning bosh tomonidagi qismida esa oltin iplar bilan solingan naqshlar saqlangan. Gazlama yomon saqlangani, ya’ni qabrni suv bosganligi oqibatida chiriganligi uchun naqshning butunicha ko’rinishini tiklashning iloji bo’lmagan. Gazlama ipakdan nafis qilib to’qilgan bo’lib, uning o’rtarog’ida oltin iplar bilan bitilgan arabcha imlodagi yozuvlar bor.
Arxeolog V.Shishkinning taxminiga ko’ra, Amir Temurning tobuti ustiga yozilgan gazlama qandaydir avliyoning qabri ustidan olingan yoki Ka’badan olib kelingan bo’lishi mumkin. Ekspeditsiya rahbari, professor T.N.Qori-Niyoziy esa “bu gazlama Sohibqironning jangovar bayrog’i bo’lishi mumkin” degan taxminni aytgan. Tobut ustiga yopilgan gazlamaning rangi qora bo’lib, u ipakdan to’qilgan va tobut qopqog’ini butunicha qoplab turgan.
21 iyun, shanba kuni ham Amir Temur qabrini ochish ishlari davom etdi. Tobutning qopqog’i, ustidagi gazlama qoldiqlari bilan ohista ko’tarib olingach, atrofni allaqanday xushbo’y hid qopladi. Sohibqironning jasadi uzun qilib yotqizilgan holda, yuzi esa qibla tomonga qaratilgan edi. Suyaklarning ba’zi joylariga kafan qoldiqlari yopishib qolgan va bosh, bo’yin, oyoq tomonlarida mumiyolangan muskullar, teri parchalari yotardi. Jasadning usti yupqa loyqa va tuzlar bilan qoplangan bo’lib, bu qabrga kirgan suvning qoldiqlari edi.
Ehtiyotkorlik bilan qabrdan chiqarib olingan Amir Temurning bosh chanog’i uch soat davomida soya joyda quritildi. Shundan so’nggina bosh chanoqni kimyoviy usullar bilan mustahkamlash mumkin bo’ldi. Bundan oldin antropologlar Amir Temurning bosh chanog’ida qisman saqlanib qolgan soch, soqol va qoshlarning qoldiqlarini avaylab ko’chirib oldilar. Uning sochi va soqolining rangi sarg’imtir, xuddi zanglagan temirning rangiga o’xshash edi. Shunda olimlarda, Amir Temurning soch-soqoli bo’yalganmikan degan fikr uyg’ondi. Shuning uchun kimyogar-olim V.Kononov uning sochlarini kimyoviy usullar bilan tekshirib ko’rdi. Olimning aniqlashicha, soch-soqolning rangi tabiatan shunday bo’lgan.
Amir Temurning, tarixiy manbalarda yozilganidek, o’ng qo’li bukilmasligi va o’ng oyog’i oqsoq bo’lganligi haqidagi xabar haqiqatga to’g’ri kelishi isbotlandi. Tinimsiz harbiy yurishlar va jangi jadallar, hamisha otda yurish, metin iroda va qat’iyatli fe’l-atvor Sohibqironning jismoniy kamchiliklarini unchalik bo’rttirib ko’rsatmas edi.
M.Gerasimovning aniqlashicha, Amir Temur 70 yildan ko’proq umr ko’rganligiga qaramay, uning bosh chanog’ida va boshqa suyaklarida keksalik alomatlari ko’rinmaydi.
Amir Temurning soch tolalari qalin va to’g’ri bo’lib, sarg’ish-qo’ng’ir rangda, sal-pal oq ham oralagan. Uning bosh chanog’ida qoshlarining qoldiqlari ham saqlangan bo’lib, uzunligi 12-14 millimetrgacha boradi va rangi to’q-jigarrang. Mo’ylovi saqlanmagan. M.Gerasimovning bosh chanoqdagi o’rniga qarab aniqlashicha, uning mo’ylovi uzun, labidan ham pastga tushib turgan.
Muhammad Sulton qabrining ochilishi
1941 yilning 22 iyun, yakshanba kuni Sohibqironning suyukli nabirasi Muhammad Sultonning qabrini ochishga kirishildi. O’sha kuni kechqurun ekspeditsiya rahbari, professor T.N.Qori-Niyoziy yig’ilish o’tkazdi. Bu yig’ilishda Amir Temur, Shohruh, Ulug’bek, Mironshohlarning qabrlari ochilganligi haqida tuzilgan hujjatlar o’qib eshittirildi va imzolandi. Yig’ilganlarga nemis-fashist bosqichlarining xiyonatkorona urushi haqida xabar berildi.
1941 yil 23 iyunda ishlar davom ettirildi. Amir Temurning suyukli nabirasi va valiahdi bo’lmish, 1403 yili 29 yoshida vafot etgan Muhammad Sultonning qabri bobosi qabrining chap tomonida joylashgan. Qabr ustida an’anaviy yozuvli lavha saqlanmagan. Qabrning tashqi ko’rinishi va tuzilishi bobosining qabriga o’xshash. Lahadning og’zini yopib turgan, ko’ndalang o’rnatilgan toshtaxtalar ko’chirib olingach, yog’och tobutning chirigan parchalari, tobut ustida oltin iplar bilan yozuv bitilgan choyshab parchalari uchradi. Bu choyshab A.N.Kononovning aniqlashicha, barcha belgilari bilan Amir Temurning qabridan topilgan choyshabga juda o’xshaydi. Tobutning taxtalarida zanglab ketgan temir mixlar saqlangan, qopqog’i chirib, ichiga o’pirib tushganligi uchun jasadning yaxlitligiga putur etgan. Jasadning ustida kafan parchalari saqlangan bo’lib, uning tagidan rayhon barglari topildi. Tobutning ichidan xushbuy hid taraldi. Tubiga maxsus mato to’shalgan. Muhammad Sultonning jasadi ham shariat qoidalariga rioya qilingan holda dafn etilgan. Sohibqiron Amir Temurning katta o’g’li Jahongirning o’g’li bo’lgan Muhammad Sultonning bo’yi 154 sm bo’lgan.
Muhammad Sultonning sa’y-harakati bilan hozirgi Amir Temur xilxonasi yonida madrasa va xonaqoh qurilgan. Ibn Arabshoh Muhammad Sulton olimlarning homiysi bo’lganligini ta’kidlab o’tgan.
Sharqshunos V.Bartoldning aniqlashicha, Sohibqiron Amir Temur 1399 yili harbiy yurishga yo’l olarkan, o’z o’rniga Samarqandda Muhammad Sultonni qoldirdi. 1401 yil mart oyi uni Damashqqa chaqirib oldi. Shundan so’ng u bir necha janglarda qatnashib, 1402 yili Kichik Osiyogacha borishga erishdi. Ammo u yoqdan qaytishda yo’lda kasallanib, 1403 yilning 12 martida Qorahisor yaqinida vafot etdi.
1404 yilning martida marhum shahzodaning onasi Xonzodabegim Amir Temurdan o’g’lining jasadini Sultoniyadan Samarqandga olib borishga ijozat oldi. Keyinchalik Samarqandga etib kelgan Amir Temur suyukli nabirasi xotirasiga yangi xilxona bino qilishni buyurdi.