Buxoro - Nodir Devonbegi madrasasi
Tarix sahifalarini varaqlasak, Buxoroda nafaqat mashhur olimu yozuvchilar, shoiru faylasuflar, balki dono tadbirkorlar ham yashab o‘tganligiga guvoh bo‘lamiz. Tarixiy manbalar ana shunday o‘tkir zehnli insonlardan biri, Buxoro xoni Imomqulixon (1611-1642) saroyida moliyaviy ishlar vaziri lavozimida faoliyat ko‘rsattan, mamlakatda tijorat va soliq-xiroj to‘plash ishlarini boshqargan, soliqlar ro‘yxatini tuzgan, elchilardan yorliqlar qabul qilgan Nodir Devonbegi va uning madrasasi haqida quyidagilarni hikoya qiladi.
O‘rta asrlarda Buxoroning ilm-fan taraqqiy etgan maskan sifatidagi nufuzi yanada oshadi. Shu bois diniy va dunyoviy bilimlar bo‘yicha tajriba almashish maqsadida Nodir Devonbegi Afg‘onistonga taklif etiladi. O‘ta zehnli va ilmli bo‘lganligi sababli uning ovozasi Hindistonga ham yetib boradi va u hindlarga ikki yil ilm o‘rgatadi. Bu xizmatlari evaziga hind podshohi Nodir Devonbegiga juda benazir va qimmatbaho ikkita gavhari shamchiroq tuhfa etadi. O‘z vataniga qaytar ekan, Nodir Devonbegi Afg‘onistongan ham kirib o‘tadi. Ajib gavhari shamchiroqni ko‘rgan afg‘on shohi Nodirbekka bu qimmatbaho toshlarni sotishni taklif etadi. U esa rozi bo‘lmaydi. Nodirbek Buxoroga shod-xursand qaytib keladi, uning xizmatlarini munosib baholagan Imomqulixon vazirga o‘z qizini uzatadi.
Bu davrda savdo ishlari gullab-yashnagan edi. Karvonlar Rossiya, Eron, Xitoy va Hindistonga qatnar, ular Buxoro orqali hatgo, G‘arbiy Ovrupoga ham yetib borgan edi. Buxorolik ustalar tayyorlagan, qimmatbaho toshlar qadalgan va oltin, kumushdan qoplama naqshlar tushirilgan shamshir, pichoq, qalqon, dubulg‘alar juda mashhur bo‘lib, shu sababli Imomqulixonning ham mavqei oshgan edi. Uning davrida yirik suv inshootlari qurildi. Eskilari qayta ta’mirlandi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish ancha yaxshilandi. Imomqulixon davrida masjid-madrasalar qurilishiga, fan va san’at sohasiga ham katta e’tibor qaratildi. U Madina shahrida chorbog‘, Ka’baga kiraverishdagi darvozalardan biri ostonasi uchun oltin va kumush tutqichli yog‘och zina qurdirganligiga tarix guvoh.
Nodir Devonbegi mana shu xayrli ishlarning bevosita ishtirokchisi sifatida xalq hurmatiga sazovor bo‘lgan kishilardan edi. Biroq bir g‘am vazirni ich-ichidan kemirar, na tunda va na kunduzi unga tinchlik bermas edi: u farzandsiz edi. Bir kuni saroyda parvonachi o‘g‘lining to‘yi katta hashamat va dabdaba bilan o‘tdi. Boshqa ayollar qatori to‘yda qatnashgan Devonbegining rafiqasi uyiga juda ma’yus qaytib, dilidagi g‘amni Nodirbekka to‘kib soldi: Mana, oila qurganimizga o‘n yil bo‘lay deyapti, biroq farzand ko‘rmadik. O‘zgalar vafotidan keyin orqasidan farzandi qolib, ularning chirog‘ini yoqadi. Biz-chi?! Na orzu-havas qildik, na farzand ko‘rdik… Shuncha mol-dunyo kim uchun?! Bizdan keyin kim, nima qoladi?!
Devonbegining yarasiga tuz sepilgandek bo‘ladi. Tun bo‘yi mijja qoqmay chiqdi. Ertalab Afg‘oniston safari taraddudini ko‘ra boshlaydi…
Nodir Devonbegining ilmidan boxabar Afg‘on shohi uni zo‘r ehtirom bilan kutib oladi. Nodirbek shohga:
Siz mendan gavhari shamchiroqni sotib olmoqchi edingiz. Men roziman, – deydi.
Benazir, qimmatbaho tosh evaziga afg‘on shohi unga katta miqdorda oltin beradi va Nodirbek Buxoroga qaytadi. O‘z sohasining peshqadamlari sifatida nom qozongan usta-me’morlarni yig‘ib, Ko‘kaldosh madrasasi oldida hovuz, xonaqoh va Madrasa bino etishni buyuradi. Shunday qilib, 1620 yilda hovuz va xonaqoh quriladi. Bu hovuz shahardagi eng katta hovuzlardan biri bo‘lib, 36 m. x 45,5 m. hajmga ega, chuqurligi esa 5 metrdir.
Buxoro shahrining Shohrud arig‘i bo‘ylab borsangiz, chap tomonda xonaqoh va o‘ngda 1622 yilda barpo etilgan Nodir Devonbegi madrasasi joylashgan. Ular orasida esa hovuz bunyod etilgan. Madrasa va xonaqoh o‘rtacha kattalikda, oddiy shaklda qurilgan bo‘lsa-da, hovuz, xonaqoh va Madrasa, ya’ni Labi Hovuz ansambli birgalikda ajib salobat va go‘zallik kasb etadi.
Madrasaga kiraverishda, darvozaning yuqori va yon qismlarida nafis mozaika yordamida quyoshga intilayotgan afsonaviy semurg‘ qushlari mohirona aks ettirilgan.
Labi Hovuz ansambli bitgach, erta tongda, shudring hali maysa va barglarni tark etmagan, oftob o‘z xobgohidan erinib bosh ko‘tarayotgan bir pallada Nodir Devonbegi o‘z rafiqasini olib, sayrga chiqadi va qurilgan binolarni ko‘rsatib, shunday deydi:
Siz menga, bizdan keyin kim, nima qoladi, degan edingiz. Bizdan keyin yaxshi nom va bir benazir gavhari shamchiroq qiymatiga bunyod bo‘lgan mana shu go‘zallik qoladi.
Mana, bir necha asrki, tadbirkor inson Nodir Devonbegi sa’y-harakati bilan bunyod bo‘lgan Madrasa shahrimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turibdi. Labi Hovuz qariyb to‘rt asrdan buyon buxoroliklar va shaharga tashrif buyuradigan sayyoh hamda mehmonlar hordiq chiqaradigan ajoyib maskan bo‘lib xizmat qilmoqda.
Muhammad Nodir Mirzo Tog‘oy ibn Sulton – Nodir Devonbegi Samarqandda ham qator xayrli ishlarni qilgan: bir qancha inshoot va binolar qurdirib, shaharning ko‘rku salobati oshishiga hissa qo‘shgan. Jumladan, shahardan 4 chaqirim g‘arb tomonda Namozgoh binosini bunyod ettirgan. 1632-1635 yillarda shahardan 8 chaqirim janubi-g‘arbda me’morchilik san’atining gultoji hisoblangan Sherdor madrasasini qurdirgan. Binolar peshtoqiga Turkiston viloyatining qoplonsimon sher va kiyiklari rasmi ishlangan.
Shunday qilib, Samarqand tarixida bir davrda ikkita Sherdor madrasasi: oldin Registon markazida Sherdori Darun, ya’ni ichki Sherdor va keyinrok shahardan tashkarida Sherdori berun, ya’ni tashqi Sherdor bunyod etilgan. Sherdori darunning me’mori usto Abdul Jabbor bo‘lib, ma’lumotlarga ko‘ra, Sherdori berun madrasasini bunyod etishda ham u boshchilik qilgan. Nodir Devonbegi qurdirgan Sherdori berun madrasasi Samarqandlik usta-me’mor A.Hakqulov rahbarligida 1977 yilda qayta ta’mirlangan.
Mazkur inshootlar bugungi ko‘hna shaharlarimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib, yurtimizning nodir ajoyibotlari sifatida e’tirof etib kelinmoqda.
Nodir devonbegi madrasasi – Buxorodagi me’moriy yodgorlik. Buxoro xoni Imomqulixoning vaziri Nodir devonbegi (Nodir mirzo Tog‘ay ibn Sulton) qurdirgan (1622—23).
Nodir Devonbegi madrasasi (Buxoro) Labi-hovuz ansamblinit sharqiy qismida joylashgan. Dastlab karvonsaroy sifatida qurilgan, xonning qarori bilan madrasaga aylantirilgan. Unda madrasalarga xos ayvon, masjid va katta darsxona, hovli atrofi 4 tomondan 2 qavatli kichik hujralar bilan o‘ralgan. Hujralarga o‘ymakori usulida bezatilgan eshiklar, eshiklar tepasidagi tobadonga panjaralar o‘rnatilgan. Hovliga pishiq g‘isht yotqizilgan. Bosh tarzi maydonga qaragan. Old tomonida hovuz bor. Peshtog‘i o‘ziga xos mahobatli va serhashamdir. Undagi o‘simliksimon naqshlar orasida quyoshga intilayotgan afsonaviy xumo qushi va bug‘uning o‘tlab yurgan tasviri koshinkori bezaklari yorqin bo‘yoqlarda aks ettirilgan. Hoshiyalariga, kitobasiga arabiy yozuvlar bitilgan. Ustungo‘shasi buramasimon. Peshtog‘ining 2 yon qanotidagi 2 qavatli 3 tadan chuqur ravoqli peshayvon aloqida zeb berib pardozlangan. Burchaklaridagi 2 guldasta ravoqlardagi naqshlar bilan o‘zaro uyg‘unlashgan. Madrasa tarhi 52×49 m, hovli 34 xZO m. Nodir Devonbegi madrasasi (Buxoro)m. bir necha marta ta’mirlanib, gumbaz, ravoq va devorlaridagi namlik yo‘qotilib, buzilib ketgan hujralari qayta tiklandi. Samarqand va Buxoro ustalarining sa’yi harakatlari bilan bosh tarzi qayta jilolandi.